Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Londonda bo'lib o'tgan yig'ilishida qatnashdi

May 22, 2025. 09:33 • 54 soniya

123
O'zbekiston delegatsiyasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Londonda bo'lib o'tgan yig'ilishida qatnashdi

LONDON, 22-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh vazirining o'rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiya Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Londonda bo'lib o'tgan 34-yillik yig'ilishida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Bu yilgi anjuman "Istiqbollarni kengaytirish, mustahkam kuchlarni saqlash" mavzusida tashkil etildi. Panel sessiyalarda iqlim, energetik xavfsizlik, geosiyosat va geoiqtisodiyot, nodavlat tashkilotlarning biznes muhitni yaxshilashdagi roli, suv resurslaridan oqilona foydalanish kabi masalalar muhokama qilindi.

Boshqaruv kengashining plenar sessiyasida O'zbekiston delegatsiyasi rahbari ma'ruza qildi. Unda O'zbekiston va YETTB o'rtasidagi hamkorlikning holati va istiqbollariga to'xtalib o'tildi.

O'zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida ETTB prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashdi.

Ta'kidlash kerakki, O'zbekiston mintaqada ETTB mablag'larini eng ko'p olayotgan davlat hisoblanadi. Bank hozirga qadar mamlakatimizga 174 ta loyihaga jami 5,5 milliard AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritgan. Joriy portfel 3 milliard dollar qiymatdagi 95 ta loyihadan iborat.

Shuningdek, Buyuk Britaniya energetika xavfsizligi va uglerod neytrallik vazirligi, Eksportni moliyalashtirish agentligi, "Standart Chartered" banki, "International Hospitals Group", "United Green Group" va "Rolls-Royce" kabi yirik kompaniyalar rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish