Logo

O'zbekiston oliy ta'lim sohasidagi o'zgarishlar Xolonda o'tgan xalqaro haftalikda e'tirof etildi

Oktabr 22, 2025. 18:45 • 2 daq

175
O'zbekiston oliy ta'lim sohasidagi o'zgarishlar Xolonda o'tgan xalqaro haftalikda e'tirof etildi

TEL-AVIV, 25-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz diplomatlari Isroilning Xolon shahrida bo'lib o'tgan IV Markaziy Osiyo va Bolqon davlatlari hamkorligi haftaligida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Qozog'iston, Ozarbayjon, Kosovo va Serbiya elchixonalari diplomatlari, mazkur mamlakatlarning axborot texnologiyalari sohasini tadqiq qilishga qaratilgan oliy o'quv yurtlari va markazlari rahbariyati, shuningdek, Samarqand va Farg'ona davlat universitetlari rektorlari ham qatnashdi.

Seminar doirasida "O'zbekistonda ta'lim tizimi" mavzusiga bag'ishlangan alohida panel sessiyasi tashkil etildi. Unda O'zbekistonning yoshlarga oid siyosati, ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularga yaratilayotgan sharoitlar, jumladan chet el nufuzli ta'lim muassasalarida o'qish imkoniyati davlat tomonidan qo'llab-quvvatlanishi to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Farg'ona davlat universiteti rektori professor Bahodirjon Shermuhammedov o'z navbatida, O'zbekistonda sun'iy intellekt sohasida erishilgan yutuqlarga to'xtaldi.

Xolon texnologiya instituti prezidenti Eduard Yakubov chiqishida institutning O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorligini yuqori baholadi. "O'zbekistonda ta'lim tizimi hayotga tadbiq etilgan yangilanishlar tufayli sezilarli darajada o'zgardi. O'zbekiston universitetlari jahonning yetakchi reytinglaridan o'rin olmoqda. Bu jihat xorijliklarning O'zbekistonda ta'lim olishga bo'lgan qiziqishini oshiryapti.

Xolon texnologiya instituti ham O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildiradi. Jumladan o'qituvchi va talabalar o'rtasida "2+2" tizimi asosida doimiy tajriba almashinuvini yo'lga qo'yish rejalashtirilmoqda", – dedi Eduard Yakubov.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish