TIV diplomatlari O‘monda malaka oshirib qaytdi
Fevral 16, 2026. 15:44 • 2 daq
• 291
MASKAT, 21-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi diplomatlari uchun O‘mon Sultonligi Diplomatik akademiyasida qisqa muddatli o‘quv kurslari bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur o‘quv kurslari O‘zbekiston va O‘mon Tashqi ishlar vazirlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida tashkil etildi.
O‘quv kurslarida O‘mon Diplomatik akademiyasi, TIV Markaziy Osiyo departamenti, Investitsiya agentligi masʼullari tomonidan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Maʼruzalarda Sultonlikning muloqot va bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan tashqi siyosati, xalqaro va mintaqaviy masalalarni hal etish va mintaqa davlatlari o‘rtasida hamjihatlik muhitini shakllantirishga qaratilgan saʼy-harakatlari, “O‘mon nigohi 2040” rivojlanish strategiyasi, O‘zbekiston–O‘mon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning asoslari hamda istiqbollari haqida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan diplomatik akademiya hamda O‘mon TIV vakillari uchun “Yangi O‘zbekiston tashqi siyosati” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Unda xorij tomoni mamlakatimizning ochiqlik, pragmatizm va faol tashabbuslarga asoslangan hamda Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va iqtisodiy manfaatlarni himoya qilishga qaratilgan tashqi siyosati haqida xabardor qilindi.
O‘quv kurslari yakunida O‘zbekistonlik diplomatlar sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi