Britaniyaning nufuzli taʼlim tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatiladi
Aprel 02, 2026. 19:30 • 2 daq
• 67
LONDON, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hamda Buyuk Britaniyaning taʼlim va bolalar xizmatlari sifatini nazorat qiluvchi nufuzli tashkiloti – OFSTED vakillari o‘rtasida onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
OFSTED Buyuk Britaniyada bolalar taʼlimi va ularga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini nazorat qiluvchi davlat tashkiloti hisoblanadi. U maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar va kollejlarni tekshirish, taʼlim sifatini baholash, xavfsizlikni taʼminlash hamda jamoatchilikka ochiq hisobotlar taqdim etish bilan shug‘ullanadi.
Suhbat davomida tomonlar maktabgacha va maktab taʼlimi sifatini baholash, inspeksiya jarayonlarining shaffofligini oshirish, taʼlim muassasalari faoliyatini nazorat qilish va o‘quv jarayonlarini xalqaro standartlar asosida tashkil etish masalalarini muhokama qildi. OFSTED vakillari tashkilotning Britaniyadagi faoliyati va taʼlim sifatiga taʼsir qiluvchi asosiy ko‘rsatkichlar haqida batafsil maʼlumot berdi.
O‘zbekiston tomoni esa mamlakatda taʼlim tizimini isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan yangi o‘quv dasturlarini joriy etish, maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish, pedagoglar malakasini oshirish va taʼlim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash choralari haqida maʼlum qildi.
Muloqot yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi