Logo

O‘zbek va turk olimlari Temuriylar va Usmoniylar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida fikr almashdi

Aprel 02, 2026. 19:13 • 3 daq

102
O‘zbek va turk olimlari Temuriylar va Usmoniylar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida fikr almashdi

HATAY, 2-aprel. /“Dunyo” AA/ – Turkiyaning Hatay viloyatida Turkiya-O‘zbekiston olimlar va ziyolilar forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida ilm-fan sohasida hamkorlik tobora kengayib, yangi ilmiy va madaniy platformalar shakllanmoqda. Bu yo‘nalishda muhim qadamlardan biri Hataydagi Mustafo Kamol universitetida tashkil etilgan Turkiya­–O‘zbekiston olimlar va ziyolilar forumi bo‘ldi.

Ushbu tadbir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoat fondi va Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamkorligida o‘tkazildi. Forumda Turkiya va O‘zbekistondan kelgan olimlar, ziyolilar va talabalar ishtirok etdi.

O‘zbekistonlik professor Abduhalil Mavrulov Turkiya va O‘zbekiston xalqlarining ildizlari umumiy turkiy etnogenezga borib taqalishini taʼkidladi. U xoqonliklar davrida turkiy qabilalar ilk bor yagona siyosiy va madaniy makonda birlashganini qayd etdi.

Shuningdek, G‘arbga yo‘nalgan ko‘chishlar natijasida tashkil topgan Saljuqiylar davlati orqali turkiy-islomiy madaniyat Anadolu hududiga kirib kelgani aytildi. Movarounnahr hududining ilm markazi sifatidagi ahamiyati, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasi alohida eʼtirof etildi.

Forum davomida o‘zbek va turk olimlari Temuriylar va Usmoniylar davlatlari o‘rtasidagi madaniy-maʼrifiy bog‘liqlik va davomiylik haqida so‘z yuritib, bu haqda o‘zaro fikr-mulohaza almashdi.

Feruza To‘raxo‘jayevaning fikricha, forum ilmiy muloqotdan tashqari, ikki qardosh xalqning maʼnaviy uyg‘onishi ramzi sifatida muhim ahamiyatga ega. Uning so‘zlariga ko‘ra, Alisher Navoiy merosi Turkiya va O‘zbekistonni yagona maʼnaviy makon g‘oyasi atrofida birlashtirmoqda.

Mustafo Kamol universiteti rektori Veysel Eren madaniyat faqat o‘tmish merosi emas, balki o‘tmish, bugun va kelajakni bog‘lovchi jonli jarayon ekanini taʼkidladi. U umumiy merosni muzey eksponati sifatida emas, balki harakatlanuvchi laboratoriya sifatida rivojlantirish zarurligini aytdi. Shu jarayonda akademik hamkorlik, madaniy diplomatiya va raqamli loyihalar muhim omil sifatida ko‘rsatildi.

Forumda global internet olamining yoshlar hayotiga taʼsiri masalasi ham muhokama qilindi. Amirjon Mardonov raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va huquqiy madaniyat haqida so‘z yuritdi. Bunday jarayonda yoshlarning raqamli makonda ongli va masʼuliyatli ishtiroki muhimligi qayd etildi.

Turkiya va O‘zbekiston aloqalari nafaqat umumiy tarixiy merosga, balki umumiy kelajak tasavvuriga ham asoslangani yana bir bor ko‘rsatildi. Yagona til, tarix va sivilizatsiya negizidagi hamkorlik yagona maʼnaviy makon g‘oyasi asosida mustahkamlanib, turkiy dunyoning kelajagini belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Forum so‘nggida ishtirokchilar Hataydagi o‘zbek mahallasiga tashrif buyurib, Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan madaniy-maʼrifiy tadbirlarda qatnashdi. Mehmonlarga anʼanaviy o‘zbek taomlari – sumalak va o‘zbek palovi tortiq qilindi, turli esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish