Logo

Sirdaryo–Shenchjen o‘rtasida investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolandi

Aprel 03, 2026. 12:41 • 2 daq

193
Sirdaryo–Shenchjen o‘rtasida investitsiya loyihalari bo‘yicha kelishuvlar imzolandi

SHENCHJEN, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoyga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Shenchjen shahrida o‘tkazilgan yirik savdo-iqtisodiy va investitsiya forumida faol qatnashdi.

Mazkur tadbir mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi, Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi ko‘magida tashkil etildi. Unda ko‘plab xitoylik kompaniyalar, mahalliy ishbilarmon doiralar vakillari, provinsiya rasmiylari va savdo-sanoat palatalari aʼzolari ishtirok etdi. Anjuman o‘zaro aloqalarni kengaytirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.

Forum ishtirokchilariga hududda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay ishbilarmonlik muhiti, Sirdaryo viloyatining iqtisodiy salohiyati, ustuvor tarmoqlari hamda erkin iqtisodiy va sanoat zonalaridagi imkoniyatlar haqida batafsil taqdimotlar namoyish etildi.

Muzokaralar davomida o‘zaro manfaatli qator sohalarda hamkorlik qilish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Xorijiy kompaniyalar vakillari mavjud imkoniyatlardan samarali foydalangan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.

Tashrif doirasida, Shenchjen shahrining yetakchi korxonalari rahbarlari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Unda ishlab chiqarish, logistika va innovatsion texnologiyalar sohalaridagi istiqbollar atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, “Fufeng Electronic Technology”, “Shenzhen Guangsheng Sports”, “Donghua Electronic Technology”, “Aimeite Electric”, “Dongwan Libao Resin”, “Beiyujun Intelligent Technology”, “Shenzhen Yuchuan Group”, “Kaisbo Elevator”, “Qingyuan Xuerui” hamda “Shenzhen Haiduo Logistics” kompaniyalari vakillari muloqotda faol ishtirok etib, o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

Yirik sanoat va texnologiya kompaniyalari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda zamonaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, suv taʼminoti tizimini takomillashtirish hamda infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalar ko‘rib chiqildi. Xitoylik hamkorlar loyihalarni joyida o‘rganish maqsadida yaqin vaqt ichida Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurish niyatlarini bildirdi.

Muzokaralar yakunida suv mahsulotlarini yetishtirish va elektrotexnika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Delegatsiyaning Xitoyga xizmat safari davom etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish