Logo

Nufuzli "Biotropics Malaysia Berhad" kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

Noyabr 22, 2025. 11:44 • 2 daq

174
Nufuzli "Biotropics Malaysia Berhad" kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi

KUALA-LUMPUR, 22-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Malayziyadagi Elchisi Karomiddin Gadoyev boshchiligida Malayziyaning "Biotropics Malaysia Berhad" kompaniyasi boshqaruv direktori Xaliza Ramli hamda "Zomin Pharm" MCHJ direktori o'rinbosari A.Mirzayev o'rtasida uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakat farmatsevtika va oziq-ovqat sanoatiga xorijdan yangi sarmoyalarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan uchrashuvda malayziyalik mutaxassislar bilan O'zbekistonda tabiiy sog'lomlashtirish mahsulotlari hamda funksional oziq-ovqatlar uchun ingrediyentlarni ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.

2007-yilda tashkil etilgan "Biotropics Malaysia Berhad" kompaniyasi Malayziyada turli giyohlar va dorivor o'simliklardan zamonaviy ilmiy tadqiqotlar asosida yuqori sifatli tabiiy sog'lomlashtirish mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Bugungi kunda kompaniya mahsulotlari dunyoning 35 davlatlariga eksport qilinmoqda.

Yurtimiz vakillari hamkorlikning dastlabki bosqichida Jizzax viloyati "Zomin Pharm" erkin iqtisodiy zonasi hududida kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan maxsus standartlashtirilgan ekstraktlar, to'liq tabiiy ozuqaviy qo'shimchalar, nutritsevtik, funksional oziq-ovqat maqsadlarda qo'llaniladigan tarkibiy qismlarni qadoqlashni yo'lga qo'yish va keyinchalik ularni hamkorlikda ishlab chiqarishni tashkil etish uchun barcha zaruriy sharoitlarni yaratib berishga tayyorligini bildirdi.

Xaliza Ramli yaqin kelajakda O'zbekistonga tashrif buyurishi va mamlakatimizda yaratilgan investitsiya muhiti, "Zomin Pharm" faoliyati bilan tanishish, mintaqa bozoriga mos tabiiy sog'lomlashtirish mahsulotlari va biologik faol qo'shimchalarni hamkorlikda qadoqlash hamda keyinchalik ularni ishlab chiqarish imkoniyatlarini o'rganib chiqishini ma'lum qildi.

Uchrashuv so'nggida "Zomin Pharm" MCHJ va "Biotropics Malaysia Berhad" kompaniyasi o'rtasida O'zbekiston Respublikasi hududida "Biotropics" mahsulotlarini yetkazib berish, qadoqlash, ishlab chiqarish va sotishni o'z ichiga olgan oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida qo'shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish