Logo

Farg'ona viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya hududlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun Germaniyada bo'ldi

Iyul 11, 2025. 17:19 • 4 daq

114
Farg'ona viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya hududlararo hamkorlikni rivojlantirish uchun Germaniyada bo'ldi

BЕRLIN, 11-iyul. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida Farg'ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasining 30-iyun - 4-iyul kunlari Germaniyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri. 

Hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun viloyat delegatsiyasi Germaniyaning Frankfurt-Mayn, Erfurt hamda Berlin shaharlarida uchrashuvlar o'tkazdi. 

Jumladan, Frankfurt-Mayn shahrida "Engelbert Strauss", "Weitblick" kompaniyalari , "KfW-IPEX", "ODDO BHF", "Landesbank Hessen-Thüringen" (Helaba) va "AKA" kabi yirik moliya tashkilotlari va ushbu shaharda turli biznes yo'nalishlarida ishlayotgan vatandoshlar bilan ikki tomonlama muzokaralar uyushtirildi.

Erfurt shahrida esa "Erfurt ta’lim markazi" va "Tyuringiya tekstil va sun’iy tolalar tadqiqotlari instituti" kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. 

Safar davomida mamlakatimiz elchixonasida "Waltec Maschinenbau", "Münchner Teppich-Manufactur", "Siemens Healthcare", "Restart Initiative" kompaniyalari, "Müsiad Berlin" kompaniyalari uyushmasi hamda Potsdam va Konstans universiteti rahbarlari bilan muloqot o'tkazildi.

Bundan tashqari, yurtimiz diplomatik vakolatxonasida "Restart Initiative" kompaniyasi bilan hamkorlikda "Farg'onaga sarmoya kiriting" mavzusida O'zbekiston-Germaniya biznes-forumi tashkil etildi. Forumda Germaniyaning yirik kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari, iqtisodchilar, tadbirkorlar, yetakchi yuridik va konsalting kompaniyalari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Yig'ilganlarga viloyatning iqtisodiy salohiyati, xorijiy investorlarga yaratilgan qulay investitsiya muhit va imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.

Mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov o'z ma’ruzasida ishtirokchilarni so'nggi yillarda O'zbekiston-Germaniya munosabatlari sifat jihatdan barcha sohalarda yangi bosqichga ko'tarilganini, davlat va hukumat rahbarlarining o'zaro tashriflari iqtisodiy hamkorlikni nafaqat mamlakatlar, balki hududlar o'rtasida ham yanada kengaytirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. 

Farg'ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorov o'z chiqishida viloyatda neft-gaz sanoati, to'qimachilik, elektrotexnika va qishloq xo'jaligi kabi strategik tarmoqlarda erishilayotgan yutuqlar hamda iqtisodiy ko'rsatkichlar to'g'risida so'zlab berdi. Yurtimizda kechayotgan islohotlar chet ellik sarmoyadorlar uchun yangi imkoniyatlar taqdim etayotgani alohida qayd etildi. Hokim Xayrulla Bozorov so'zining yakunida nemis ishbilarmonlarini Farg'ona viloyatiga tashrif buyurib, joylarning o'zida biznes imkoniyatlar bilan tanishish uchun taklif qildi. 

Shu bilan birga, viloyat vakillari Farg'ona viloyatining iqtisodiy salohiyati, investitsiyaviy loyihalar va istiqbolli hamkorlik yo'nalishlari haqida taqdimotlar o'tkazdilar. Shuningdek, Farg'ona viloyatda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan nemis kompaniyalari vakillari ham so'zga chiqib, o'z tajribalari bilan bo'lishdi.

Biznes-forum doirasida ikki mamlakat tadbirkorlari o'rtasida "B2B" va "G2B" shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Maks Roymshyussel, "Simson Private Akademie" kompaniyasi rahbari:

 – O'zbekiston-Germaniya biznes-forumi hamkorlik uchun bizga yangi turtki va ilhom berdi. To'rt yildan ortiq vaqtdan beri O'zbekiston bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelyapmiz. Shu davrda 100 dan ortiq yoshlarni Germaniyada kasblarga o'qitdik, ularni ishga joylashtirdik, kasbiy faoliyatlarini yo'lga qo'yishda o'z maslahatlarimiz bilan yaqindan yordam berdik. Bu yoshlarning katta qismi Farg'ona vodiysidan. O'zbekiston yoshlari yaxshi bilim va ko'nikmalarga ega, o'qish va o'rganishga bo'lgan qiziqishlari yuqori. 

Farg'ona viloyati bilan aloqalarni mustahkamlashdan mamnunmiz. Navbatdagi bosqichda Farg'onada o'zimizning o'quv markazimizni ochishni rejalashtiryapmiz. Shu maqsadda tadbir doirasida Farg'ona viloyati hokimi bilan tegishli kelishuvni imzoladik. Iyul oyida delegatsiyamiz javob tashrifi bilan Farg'onaga boradi.

Ta’kidlash joizki, biz O'zbekiston Prezideni Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yurtingizda olib borayotgan islohotlardan, ayniqsa ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan o'zgarishlardan juda mamnunmiz. Ko'plab o'zbekistonlik yigit-qizlar nemis tilini astoydil o'rganmoqda. Kelgusi yillarda yanada ko'proq yoshlarni Germaniyaga olib kelib, ularga ish va o'qish imkoniyatlarini yaratishga harakat qilamiz. Albatta, Germaniya malakali ishchi kuchiga muhtoj, lekin bu jarayondan O'zbekiston ham manfaatdor bo'lishi zarur. Germaniyada orttirilgan tajriba va iqtisodiy o'sish O'zbekistonning yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Urs Unkauf, Germaniya Iqtisodiy rivojlanish va tashqi savdo federal assotsiatsiyasi boshqaruvchi direktori:

– O'zbekiston elchixonasida bo'lib o'tgan iqtisodiy forum mamlakatlarimiz o'rtasida hududlararo hamkorlikni yanada jadallashtirishga yangi sur’at bag'ishlaydi deb o'ylayman. 

Viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Germaniyaning turli shaharlarida nemis kompaniyalari va moliya institutlari bilan uchrashib, sanoat, investitsiyalar, kasbiy ta’lim, kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish va ushbu mamlakatda ish bilan ta’minlash masalalari bo'yicha uchrashuvlar o'tkazib, kelishuvlarga erishgani hududlararo hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi. Ushbu yo'nalishlar O'zbekiston va Germaniya o'rtasida ulkan istiqbolli hamkorlik salohiyati mavjud bo'lgan, ayniqsa so'nggi yillarda juda ijobiy rivojlanish sur’atlari kuzatilayotgan sohalardir. 

Forum, shuningdek, nemis tadbirkorlariga O'zbekistonning Germaniya uchun ishonchli iqtisodiy hamkor sifatidagi salohiyatini Farg'ona viloyati misolida ko'rsatish imkoniyatini ham berdi. Mazkur tadbir ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, yangi aloqalarni yo'lga qo'yish va turli darajalarda o'zaro hamkorlik uchun yangi turtki bo'ldi degan umiddaman.

Emin Milli, "Restart Initiative" kompaniya boshqaruv kengashi raisi: 

– Mazkur forumni O'zbekiston elchixonasi bilan birgalikda muvaffaqiyatli o'tkazganimizdan juda xursandman. Ushbu muhim iqtisodiy tadbirda 150dan ortiq nemis va o'zbek tadbirkorlarining ishtiroki hamda ularning forumning o'ta samarali o'tgani haqidagi ijobiy fikrlari bizni quvontirdi. Ishtirokchilar bilan suhbatda ular forum O'zbekistonning bugungi ochiq siyosati, jadal rivojlanib borayotgan iqtisodiyotiga dalil bo'lganini bir necha bor ta’kidladilar. Nemis ishbilarmon doiralari vakillari viloyat hokimi, tadbirkorlari bilan bevosita muloqotda bo'ldilar va qator kelishuvlarga erishdilar.

Ishonamanki, O'zbekiston, qolaversa Farg'ona viloyati aholisi tez orada ushbu kelishuvlar natijasini o'z ko'zlari bilan ko'radi va biz bundan juda mamnun bo'lamiz.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish