O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida ilmiy innovatsiyalarni joriy etish bo'yicha Italiya tajribasi o'rganildi
Iyun 16, 2025. 12:57 • 2 daq
• 63
RIM, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Qishloq xo'jaligi vazirligi va ilmiy-tadqiqot institutlari mutasaddilaridan iborat yurtimiz delegatsiya ilg'or xorijiy tajribalarni o'rganish maqsadida amaliy safar bilan Italiyada bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar mamlakatimiz elchixonasi ko'magida BMT Taraqqiyot dasturi va Yevropa Ittifoqining "Qishloq xo'jaligida "yashil" iqtisodiyotni qo'llab-quvvatlash va iqlim o'zgarishiga mos bilim va innovatsiyalarni rivojlantirish" loyihasi doirasida tashkil etildi.
Delegatsiya a'zolari Yevropa Ittifoqi agrar siyosati, xususan, "Yashil" bitim", "Daladan dasturxongacha" strategiyasi va Yevropa innovatsiya hamkorligi doirasida oziq-ovqat xavfsizligi, sifat standartlari va qishloq xo'jaligi barqarorligini targ'ib qilish bo'yicha Italiyada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Italiya Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo'jaligi tadqiqotlari va iqtisodiy tahlili kengashining ilmiy markazlarida xorijlik hamkasblar bilan uchrashuvlar o'tkazilib, eksperimental maydonlarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar ko'zdan kechirildi.
O'zbekiston delegatsiya a'zolari, shuningdek, Italiyaning Neapol, Salerno, Bari va Bazilikata hududlarida bo'ldilar. Ushbu hududlarning meva-sabzavotchilik, zaytun va sitrus yetishtirish, g'allachilik, o'simliklar himoyasi, chorvachilik, sut mahsulotlari ishlab chiqarish hamda mikrobiologiya yo'nalishlaridagi yutuqlari va tajribalari o'rganildi.
Ikki mamlakat mutaxassislari tuproq eroziyasi, suv tanqisligini oldini olish, hasharotlarga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni yaxshilash, qo'shimcha qiymat zanjirini shakllantirish, chiqindilarni kamaytirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bilan bog'liq amaliyotlar bo'yicha fikr almashdilar.
Italiya Qishloq xo'jaligi tadqiqotlari va iqtisodiy tahlili kengashi 1928-yilda tashkil etilgan. Uning tarkibida turli qishloq xo'jaligi tarmoqlarini qamrab olgan 12 ta ilmiy tadqiqot institutlari faoliyat yuritadi. Ushbu ilmiy muassasalar 5000 gektardan iborat 66 ta eksperimental xo'jalik maydonlariga ega. Ularda 2500 nafar ilmiy xodim turli yo'nalishlarda ilmiy tadqiqot ishlarini olib boradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi