Logo

Jiddada birinchi O'zbekiston-Saudiya Arabistoni tadbirkor ayollari forumi o'tkaziladi

Oktabr 03, 2025. 18:28 • 56 soniya

94
Jiddada birinchi O'zbekiston-Saudiya Arabistoni tadbirkor ayollari forumi o'tkaziladi

JIDDA, 3-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi ko'magida O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o'rinbosari Nodira Shotursunova va Jidda Savdo-sanoat palatasi raisi maslahatchisi Sulton al-Hamid o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

 Muloqot avvalida Nodira Shotursunova O'zbekistonda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, ayollar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan dasturlar haqidagi so'zlab berdi. O'zbekistonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish, yangi texnologiya va ilm-fan yutuqlarini olib kirish hamda yangi ish o'rinlarini yaratish borasida ishbilarmon ayollar munosib hissa qo'shayotgani ta'kidlandi.

Tomonlar shu yilning noyabr oyida Jidda shahrida o'tkazilishi rejalashtirilgan O'zbekiston – Saudiya Arabistoni tadbirkor ayollar birinchi forumini yuqori darajada tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Sulton al-Hamid Saudiya tomoni ushbu tadbirga puxta tayyorgarlik ko'rayotganini bildirdi va forum yuksak saviyada o'tkazilishiga ishontirdi.

 Mazkur forumda ikki mamlakatning hunarmandchilik, kiyim-kechak va tekstil, dizayner, moda, zargarlik, mehmonxona va turizm biznesi,

oziq-ovqat sanoati va pazzandachilik sohasida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollari ishtirok etadi.

Shuningdek, tadbir doirasida tadbirkor ayollar o'rtasida "B2B" shaklidagi muloqot, master-klass, milliy va zamonaviy kiyim-kechaklar namoyishi hamda ikki mamlakat ishbilarmon ayollari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko'rgazmasi tashkil etiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish