Logo

Buyuk Britaniya bilan parlamentlararo hamkorlik kengaymoqda

Noyabr 21, 2025. 11:05 • 2 daq

110
Buyuk Britaniya bilan parlamentlararo hamkorlik kengaymoqda

LONDON, 23-noyabr. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniya parlamentida Markaziy Osiyo bo'yicha partiyalararo parlament guruhining ikkinchi yig'ilishi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda "APPG" a'zolari, Buyuk Britaniya parlamentining ikkala palatasi - Jamoalar palatasi va Lordlar palatasi vakillari, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Londondagi elchixonalari rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv avvalida "APPG" raisi, Buyuk Britaniya parlamenti Jamoalar palatasi a'zosi Pamela Koks mazkur guruhning tashkil etilishi Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini har tomonlama rivojlantirish va kengaytirish yo'lidagi muhim qadam ekanini ta'kidladi.

"APPG"ning Britaniya parlamentida Markaziy Osiyo davlatlari bilan siyosiy muloqotni jadallashtirish, savdo-iqtisodiy sherikchilikni rivojlantirish, moliyaviy sohada hamkorlikni kengaytirish hamda madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlash bo'yicha tashabbuslarni ilgari surishda mintaqaning Londondagi elchixonalari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligi qayd etildi.

Mazkur parlament guruhi a'zosi, Britaniya hukumatining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bilan savdo masalalari bo'yicha maxsus vakili lord Olderdays Birlashgan Qirollikning mintaqa davlatlari bilan savdo, iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bayon etdi.

So'zga chiquvchilar ham o'z mamlakatlarining Britaniya bilan munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

O'z navbatida, davra suhbati ishtirokchilariga Yangi O'zbekistonda jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar hamda mamlakatimizning savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, turizm, ilmiy va akademik salohiyati haqida atroflicha ma'lumot berildi.

Xorijiy tomon joriy yil 16-noyabr kuni Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi natijalari, ushbu mexanizmga Ozarbayjonning qo'shilgani hamda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yangi formatdagi mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha ilgari surilgan tashabbuslari haqida batafsil xabardor etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar ikki va ko'p tomonlama hamkorlikni kengaytirish uchun mavjud salohiyatni ro'yobga chiqarish bo'yicha aloqalarni davom ettirish va amaliy qadamlarni faollashtirishga kelishib oldilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish