"Air Asia X" aviakompaniyasi "Kuala-Lumpur -Toshkent-Kuala-Lumpur" yo'nalishi bo'yicha muntazam aviaqatnovlarni yo'lga qo'ydi
Oktabr 15, 2025. 19:45 • 2 daq
• 47
KUALA-LUMPUR, 15-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Kuala-Lumpur xalqaro aeroportida "Air Asia X" aviakompaniyasining "Kuala-Lumpur – Toshkent" yo'nalishi bo'yicha muntazam reysining birinchi parvozini tantanali kuzatish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi ko'magida tashkil etilgan tadbirda "Air Asia X" aviakompaniyasi rahbariyati, "Malaysia Airports Holdings Berhad" kompaniyasi, "Tourism Malaysia" agentligi, sayyohlik kompaniyalar, mahalliy OAV vakillari hamda O'zbekistonga uchib ketayotgan sayyohlar ishtirok etdi.
O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev ishtirokchilarga O'zbekistonda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida so'zlab berdi.
Haftasiga 3 marotaba amalga oshiriladigan mazkur aviaqatnovlar O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy, turizm, ta'lim, madaniyat va sport sohalaridagi hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga hamda respublikaga Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan kelayotgan sayyohlar oqimini oshirishga hissa qo'shishi ta'kidlandi.
"Air Asia X" aviakompaniyasi bosh ijrochi direktori Benyamin Ismoil o'z navbatida, yil davomida intiqlik bilan kutilgan ushbu reys 220 nafar yo'lovchilarni, shu jumladan malayziyalik ziyoratchilarni "Airbus A330" samolyotida Toshkent xalqaro aeroportiga olib borishini ta'kidladi.
"Ushbu birinchi reys bilan Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining turizm salohiyati bilan yaqindan tanishish maqsadida bir qator sayyohlik guruhlari O'zbekistonga ketayapti. Mazkur aviaqatnovlar, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasidagi sayyohlar oqimi ko'payishiga, ishbilarmon doira vakillarining hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga hamda O'zbekistonni Markaziy Osiyo va Janubiy-Sharqiy Osiyo mintaqalarini bog'lovchi xabga aylanishiga xizmat qiladi", – dedi Benyamin Ismoil.
Tadbir yakunida mazkur aviaqatnov yo'lovchilari tantanali ravishda O'zbekistonga kuzatib qo'yildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi