O'zbekiston Xalqaro islom akademiyasi Malayziyaning yetakchi universitetlari va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Dekabr 13, 2023. 09:59 • 2 daq
• 325
KUALA-LUMPUR, 13-dekabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi ko'magida O'zbekiston Xalqaro islom akademiyasi rektori Uyg'un G'afurov boshchiligidagi delegatsiyaning Malayziyaga amaliy safari tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Shu yilning 4-11-dekabr kunlari bo'lib o'tgan safar davomida Malayziya milliy universiteti (UKM), Malayya universiteti, UCSI universiteti, Malayziya xalqaro islom universiteti (IIUM), Malayziya islom ilmlari universiteti (USIM) kampuslariga tashriflar va ushbu muassasalar rahbariyati bilan muzokaralar uyushtirildi.
Delegatsiya a'zolari mamlakat oliy ta'lim tizimi, universitetlarning xalqaro reytinglar bilan ishlash, "Scopus" bazalarida maqolalar chop etish, mehnat samaradorligini KPI tizimi orqali baholash yo'nalishlaridagi tajribasi bilan tanishdi.
Malayziya oliygohlari bilan qo'shma ta'lim dasturlarini ishlab chiqish, o'qituvchi va talabalar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar va xalqaro jurnallarda maqolalar nashrini yo'lga qo'yish borasida hamkorlik rejalari muhokama qilindi.
Bo'lib o'tgan muzokaralar natijasida islomshunoslik, islom iqtisodiyoti, turizm, psixologiya, axborot texnologiyalari yo'nalishlarida o'qituvchi va talabalar almashinuvini yo'lga qo'yish va o'zaro moliyalashtiriladigan ilmiy grantlarni amalga oshirish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari, shuningdek, qator ilmiy-tadqiqot markazlari – Malayziya islomni anglash instituti (IKIM) va Malayziya islom sivilizatsiyasi instituti rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazdi. Ilmiy markazlar bilan islom sivilizatsiyasining ilmiy-ma'naviy merosi bo'yicha qo'shma tadqiqot ishlarini jadallashtirish, respublika olimlari ishtirokida vebinarlar tashkil qilish va 2024-yil uchun tadbirlar rejasi kelishib olindi.
Bundan tashqari, tashrif davomida Malayziya oliy ta'lim muassasalarida O'zbekistonning ziyorat turizmi salohiyati, xususan ta'lim turizmi imkoniyatlari, islom ta'limi bo'yicha taqdimot va ma'ruzalar tashkil etildi. Shuningdek, O'zbekiston Xalqaro islom akademiyasi faoliyati haqida ham batafsil taqdimot o'tkazildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi