Logo

Toshkentda qonun ustuvorligini taʼminlash bo‘yicha yirik xalqaro konferensiya o‘tkazildi

Noyabr 30, 2025. 11:09 • 3 daq

82
Toshkentda qonun ustuvorligini taʼminlash bo‘yicha yirik xalqaro konferensiya o‘tkazildi

TOSHKENT, 30-noyabr. /“Dunyo” AA/. Shu yil 27–28-noyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Zamonaviy chaqiriqlar sharoitida qonun ustuvorligini taʼminlash: muammo va yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Akademiya tashkil etilganining 3 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan konferensiya qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, zamonaviy chaqiriqlarga qarshi kurashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan to‘qqizta yirik xalqaro o‘quv va ilmiy-amaliy tadbirdan iborat akademik dekadaning yakuniy va asosiy tadbiri bo‘ldi.

Tadbir akademiya tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), YXHT, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC), AQSh Adliya vazirligi dasturi (ICITAP), Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) hamda boshqa xalqaro hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda gibrid formatda o‘tkazildi.

Konferensiyada ishtirok etish uchun 34 davlatdan 49 nafar ekspert Toshkentga tashrif buyurdi. Umumiy hisobda 120 dan ortiq mutaxassis qatnashdi. Jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Niderlandiya, Turkiya, Kanada, Koreya Respublikasi, Malayziya, Marokash, Latviya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon va boshqa qator davlatlar vakillari ishtirok etdi.

Shuningdek, BMT, YXHT, Yevropa Ittifoqi, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi, YUNESKO, YUNISEF, MASA, IACA va Xalqaro migratsiya tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar delegatsiyalari ham mazkur nufuzli tadbirda qatnashdi.

Konferensiya dasturi yalpi majlis va oltita parallel sessiyadan iborat bo‘ldi. Sessiyalarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, huquqni muhofaza qilish sohasida taʼlim va fanni rivojlantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, sunʼiy intellektni huquqiy jihatdan tartibga solish, kiberxavfsizlikni taʼminlash hamda global migratsiya sharoitida inson huquqlarini himoya qilish masalalarida maʼlumot berildi.

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati, shuningdek Oliy Majlis Senati vakillari so‘zga chiqdi.

Maʼruzachilar huquqni muhofaza qilish tizimini modernizatsiya qilish jarayonida fan va taʼlim salohiyatining o‘rni, zamonaviy texnologiyalarni, sunʼiy intellektni joriy etish zarurati, transmilliy tahdidlarga qarshi kurashish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

Chet ellik ekspertlar ham muhokamalarda faol ishtirok etdi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston huquqni muhofaza qilish akademiyalari rahbarlari kadrlar tayyorlash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish va tajriba almashishning dolzarb ahamiyati to‘g‘risida gapirdi. Yevropa Ittifoqi, BMT, YXHT va Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi vakillari transmilliy jinoyatchilik, korrupsiya va terrorizmga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish sohalarida hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

Parallel sessiyalar doirasida jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashishda sunʼiy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish, xalqaro axborot almashuvi mexanizmlarini rivojlantirish, barqaror kiberxavfsizlikni taʼminlash, elektron dalillar bilan ishlash amaliyotini takomillashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish standartlarini joriy etish va sud-huquq faoliyatida sunʼiy intellektdan foydalanishning axloqiy-huquqiy jihatlariga oid masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Alohida sessiya migrantlar va odam savdosi jabrdiydalari huquqlarini himoya qilish, ularni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi mintaqaviy va xalqaro saʼy-harakatlarga bag‘ishlandi.

Konferensiya doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Ichki ishlar vazirligining Asosiy ekspert-kriminalistika markazi, kiberxavfsizlik sohasida yetakchi xalqaro kompaniya Group-IB, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar Parlamenti bilan hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumlar imzolandi. Xorijiy delegatsiyalar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilib, kelgusidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha qonun ustuvorligini mustahkamlash, xalqaro korrupsiya qarshi standartlarini joriy etish, terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, jinoiy yo‘l bilan orttirilgan aktivlarni aniqlash, ushlab turish va qaytarish mexanizmlarini kuchaytirish, inson huquqlarini taʼminlash, idoralararo va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish