Qatarning tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan yirik kompaniyasi O'zbekistondan malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qiladi
Yanvar 19, 2024. 07:49 • 2 daq
• 1991
QATAR, 19-yanvar. /«Dunyo» AA/. Mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo, Sog'liqni saqlash vazirliklari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Qatarning «Elegancia Healthcare» kompaniyasi vakillari o'rtasida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Onglayn-uchrashuv davomida «Elegancia Healthcare» kompaniyasining Qatarda faoliyat yuritayotgan shifoxonalarida ingliz tilida erkin so'zlasha oladigan o'zbekistonlik malakali shifokor va hamshiralarni ishga qabul qilish masalalari muhokama qilindi.
Xorij tomoniga O'zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, uning tashkiliy shakllarini kengaytirish, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chet davlatlarga ketayotgan fuqarolarning mehnat va ijtimoiy huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, xorijdan qaytib kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlik va mehnat faoliyatiga jalb etish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risida batafsil ma’lumot berildi.
Qatar tomoni birinchi bosqichda 50 nafar xodimni suhbat asosida ishga qabul qilishga, keyinchalik yana 20 kishini jalb qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o'tganlar ish faoliyatini boshlashdan oldin Qatar shifoxonalarida tashkil etilgan qisqa muddatli o'quv-amaliy kurslarda malaka oshirishlari ta’kidlandi.
Bo'lib o'tgan muzokaralar yakunida O'zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va «Elegancia Healthcare» kompaniyasi o'rtasida mazkur sohada o'zaro hamkorlikni yo'lga qo'yish to'g'risida kelishuv imzolashga kelishib olindi.
«Elegancia Healthcare» Qatarning «Power International Holding» kompaniyasi tarkibiga kiradi. Tashkilot jami 840 ta o'rin, 250 ta yuqori malakali shifokor va 400 dan ortiq hamshiralarga ega 4 ta yirik ko'ptarmoqli shifoxonalarga egalik qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi