Logo

Omsk viloyati bilan hamkorlik aloqalari rivojlantiriladi

Noyabr 26, 2025. 09:02 • 2 daq

170
Omsk viloyati bilan hamkorlik aloqalari rivojlantiriladi

NOVOSIBIRSK, 26-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxona vakillari Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenkoning Rossiyadagi xorijiy davlatlarning diplomatik idoralari va konsullik muassasalari xodimlari bilan o'tkazilgan uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda Vitaliy Xotsenko diplomatik va konsullik vakolatxonalari bilan muntazam muloqot o'rnatilgani, o'zaro hamkorlik mintaqaning eksport imkoniyatlarini rivojlantirish, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va qo'shma loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta'kidladi. Bu borda Buxoro, Navoiy, Toshkent viloyatlari hamda Omsk viloyati o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik to'g'risidagi bitimlarning imzolangani muhim sa'y-harakatlardan biri bo'lgani e'tirof etildi.

Joriy yilning aprel oyida "Frut Siti" ulgurji-taqsimlash markazining ochilishi mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda alohida o'rin tutmoqda. O'zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini to'g'ridan-to'g'ri yetkazib berish Rossiya Federatsiyasining ushbu mintaqasi iste'molchilari uchun o'zbek qishloq xo'jaligi mahsulotlari hajmini oshirish va yuqori sifatini saqlab qolishga yordam bermoqda.

O'tgan yil yakunlariga ko'ra, Omsk viloyatining O'zbekiston Respublikasi bilan tovar ayirboshlash hajmi 40 foizdan ko'proqqa oshdi, joriy yilning birinchi yarmida esa o'sish 85 foizni tashkil etdi.

Muloqot jarayonida madaniy-gumanitar sohada ham hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo'lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish