Pokistonning Bahriya universiteti delegatsiyasi O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan akademik hamkorlikni kengaytirish bo'yicha samarali muzokaralar o'tkazdi
Noyabr 05, 2025. 16:06 • 2 daq
• 49
ISLOMOBOD, 5-noyabr. "Dunyo" AA/. Pokistonning yetakchi oliy ta'lim muassasalaridan biri – Bahriya universiteti rektori, iste'fodagi vitse-admiral Asif Xaliq boshchiligidagi delegatsiyasi amaliy safar bilan O'zbekistonda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Pokiston delegatsiyasi safar davomida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Janubiy Koreyaning Kyungdong universiteti hamkorligida 27-28-oktyabr kunlari poytaxtimizda o'tkazilgan Birinchi Global akademik hamkorlik bo'yicha yillik uchrashuvda ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro tadbirda O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda mamlakatimizdagi 20 dan ortiq yetakchi universitetlar rahbariyati, AQSh, Finlyandiya, Xitoy, Kanada, Yaponiya, Malayziya, Indoneziya, Hindiston, Ozarbayjon, Belarus, Bangladesh, Meksika, Janubiy Sudan, va Mongoliya kabi davlatlarning nufuzli oliy ta'lim muassasalari rahbarlari va xalqaro delegatsiyalar ishtirok etdi.
Anjuman ishtirokchilariga "O'zbekiston – 2030" strategiyasida oliy ta'lim tizimini rivojlantirish, uning qamrovini kengaytirish, ta'lim sifatini oshirish va universitetlarning xalqaro reytinglardagi o'rnini mustahkamlash muhim ustuvor yo'nalish sifatida belgilangani haqida batafsil ma'lumot berildi.
Xalqaro hamkorlikni yanada jadallashtirish natijasida raqamli ta'lim texnologiyalarini joriy etish va talabalarning bozor talablariga mos bilim va ko'nikmalarga ega bo'lishi uchun shart-sharoit yaratish bo'yicha tashabbuslar muhokama qilindi. Ishtirokchilar tomonidan oliy ta'lim yo'nalishida xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, talabalar va professor-o'qituvchilar uchun akademik almashinuvni yo'lga qo'yish hamda qo'shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish borasidagi takliflar ilgari surildi.
Bahriya universiteti delegatsiyasi safar doirasida, shuningdek, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti va Geologiya fanlari universiteti rahbariyati bilan uchrashuvlar o'tkazdi. Ularda oliy ta'lim sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish, ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish istiqbollari muhokama qilindi.
Pokiston tomoni Samarqand shahriga ham safar qildi. Uning davomida Samarqand davlat universiteti hamda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazdi.
O'zbekistonda o'tkazilgan uchrashuvlar natijasida ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari o'rtasida qator yo'nalishlarda akademik sheriklikni yo'lga qo'yish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Ilmiy tadqiqotlar, professor-o'qituvchilar va talabalar almashinuvi, qo'shma ta'lim dasturlari va seminarlar tashkil etishga qaratilgan anglashuv memorandumlari imzolandi.
Bahriya universiteti 2000-yilda tashkil etilgan. Universitet sog'liqni saqlash, muhandislik, axborot texnologiyalari, ijtimoiy fanlar va dengiz tadqiqotlari sohalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi