Logo

Shenchjenda yurtimizning sun'iy intellekt sohasidagi loyihalari namoyish qilindi

Noyabr 25, 2025. 18:37 • 2 daq

153
Shenchjenda yurtimizning sun'iy intellekt sohasidagi loyihalari namoyish qilindi

SHENCHJEN, 25-noyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Guanchjoudagi Bosh konsulxonasi tomonidan "O'zbekistonning sun'iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasi" mavzusida tadbir tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Shenchjen Xalqaro savdoni rag'batlantirish qo'mitasi bilan hamkorlikda o'tkazilgan tadbirda 50 dan ortiq mahalliy kompaniya, ilmiy-tadqiqot markazlari, oliy ta'lim muassasalari va qator xorijiy davlatlarning savdo-sanoat palatalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda sun'iy intellekt sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazlari haqida so'z yuritildi. Shuningdek, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan keng ko'lamli ta'lim dasturlari, investitsiyalarni jalb qilish maqsadida joriy etilgan imtiyoz va preferensiyalar tizimi to'g'risida ma'lumot berildi.

Ishtirokchilar mamlakatimizda sun'iy intellektni rivojlantirish va sohaning investitsion jozibadorligini oshirish borasidagi sa'y-harakatlarni yuqori baholadi. O'zbekiston Markaziy Osiyo bozoriga strategik kirish nuqtasi ekanligini ta'kidlab, raqamli transformatsiya jarayonlarida hamkorlik qilishga qiziqish bildirdi.

O'tkazilgan muzokaralar davomida amaliy natijalarga qaratilgan hududlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, AKT sohasidagi yetakchi mahalliy kompaniyalardan iborat guruhlarning O'zbekistonga biznes-missiyalarini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish