Logo

Shvetsiyaning "Epishine" kompaniyasi bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi

Noyabr 19, 2025. 17:56 • 2 daq

101
Shvetsiyaning "Epishine" kompaniyasi bilan hamkorlik kelishuvlariga erishildi

STOKGOLM, 19-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston "O'zeltexsanoat" uyushmasi, Markaziy Osiyo ekologiya va iqlim o'zgarishi tadqiqotlari universiteti hamda Shvetsiyaning "Epishine" kompaniyasi vakillari o'rtasida onlayn uchrashuv o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

1996 yilda Shvetsiyaning Linchyoping shahrida tashkil etilgan "Epishine" kompaniyasi organik quyosh batareyalarini ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi.

Muloqot jarayonida O'zbekistonda elektrotexnika sanoati, energiya tejovchi va "yashil" texnologiyalar sohasida olib borilayotgan islohotlar, xorijiy kompaniyalarning biznes ochishi uchun yaratilgan shart-sharioit va imkoniyatlar haqida ma'lumot berildi.

"Epishine" kompaniyasining xalqaro marketing direktori Florent Pellissiyer o'zbek elektrotexnika kompaniyalari bilan innovatsion mahsulot asosida ishlab chiqarish bo'yicha kooperatsiya hamkorligini yo'lga qo'yishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, kompaniyaning hamta'sischisi "Linköping University" ilmiy muassasasi bilan birga ilmiy-texnikaviy aloqalarni o'rnatishdan manfaatdorligini bildirdi.

Suhbat davomida tejamkor innovatsion batareya texnologiyasini jalb etish va lokalizatsiya qilish, bu yo'nalishda tadqiqot loyiha tashabbuslarini birgalikda ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish maqsadida o'zbek mahalliy korxonalar ("Artel", "Premyer" va b.) bilan muzokara o'tkazish hamda "Epishine" kompaniyasi rahbarining O'zbekistonga tashrifini tashkil etish bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.

Shuningdek, Markaziy Osiyodagi birinchi eko-universitet – "Green University" va "Linköping University" o'rtasida qo'shma o'quv dasturlar, ilmiy tadqiqotlar va talabalar almashinuvini yo'lga qo'yish bo'yicha tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish