Sog'liqni saqlash sohasida Turkiya tajribasi o'rganildi
Noyabr 09, 2025. 13:54 • 2 daq
• 73
ANQARA, 9-noyabr. /"Dunyo" AA/. Yurtimizning sog'liqni saqlash, farmatsevtika, iqtisod va moliya sohalari vakillaridan iborat delegatsiya Turkiyadagi mas'ul idoralarining ilg'or tajribalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Delegatsiya a'zolari amaliy tashrif doirasida Turkiya Sog'liqni saqlash vazirligida bo'lib, bu yerda tibbiyot muassasalari uchun dori-darmon yetkazib berish tizimi, sog'liqni saqlash xaridlarida sifat va samaradorlikni nazorat qilish, sohada raqamli transformatsiya strategiyasi, xalqaro standartlarning implementatsiyasi, xarid va inventarizatsiya tizimlarini integratsiyalash kabi tajribalar bilan tanishdi.
Sohadagi jarayonlarni bevosita ko'rish maqsadida Turkiyaning eng yirik ko'p tarmoqli davlat shifoxonasi – Anqara Bilkent shahar kasalxonasiga tashrif buyurdi. Mehmonlar ushbu shifoxonada dori-darmonlar va tibbiy jihozlar bo'yicha talabnomani shakllantirish, narxlash jarayonlari, ombor maydonini tashkil etish va standartlashtirish, avtomatlashtirilgan buxgalteriya hisobi va nazorat tizimlari bilan yaqindan tanishdilar.
Delegatsiya vakillari Turkiya Dori-darmon va tibbiy jihoz tashkilotida ham bo'lib, ishlab chiqaruvchidan to iste'molchiga qadar farmatsevtika mahsulotlari yetib borishini kuzatish va nazorat qilish bo'yicha ilg'or tizim – Ürün Takip Sistemi (Jihoz kuzatuv tizimi) hamda İlaç Takip Sistemi (Dori-darmon kuzatuv tizimi)ni ko'zdan kechirdi. Farmatsevtika sohasida narxlarni tartibga solish mexanizmi, sifat nazorati va muvofiqlik, raqamli texnologiyalarni qo'llash, tibbiyot muassasalari bilan elektron retseptlar orqali o'zaro aloqa o'rnatish yo'nalishlarida tajriba oshirdi.
Yurtdoshlarimizga tashrifning so'nggi kuni Turkiyadagi davlat xaridlarida mas'ul tashkilot – Davlat ta'minot ofisi faoliyati bilan tanishish imkoni yaratildi. Mutaxassislar muloqot va taqdimot jarayonlarida ushbu ofis tarixi, uning markaziy va hududiy boshqarmalari, tizimda joriy etilgan so'nggi yangiliklar haqida ma'lumotga ega bo'ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi