Logo

Strategik sheriklikning yangi bosqichi: O'zbekiston delegatsiyasining AQShga safari yakunlari

Oktabr 14, 2025. 14:40 • 4 daq

22
Strategik sheriklikning yangi bosqichi: O'zbekiston delegatsiyasining AQShga safari yakunlari

TOSHKENT, 14-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 4-10 oktyabr kunlari O'zbekiston Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo'yicha maslahatchisi o'rinbosari, O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi amaliy tashrif bilan AQShda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hech mubolag'asiz aytish mumkinki, 2025-yilda O'zbekiston-Amerika munosabatlari tarixida yangi sahifa ochildi, ikki mamlakat strategik sheriklikning sifat bosqichiga qadam qo'ymoqda. Oliy darajadagi o'zaro ishonchga asoslangan hamkorlik rishtalari iqtisodiy o'sishga zamin yaratmoqda.

Iqtisodiy, siyosiy-ijtimoiy aloqalarning rivojlanish trayektoriyasiga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning AQShga amalga oshirgan sermahsul tashrifi, okeanorti davlatining yirik sarmoyadorlari bilan o'tkazgan manfaatli muloqotlar ijobiy ta'sir ko'rsatgani shubhasiz.

2025-yil 23-sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo'shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning muzokaralari bo'lib o'tdi. Ikki davlat yetakchilari O'zbekiston-AQSh strategik sheriklik munosabatlarini yana-da kengaytirishning dolzarb masalalari va ustuvor yo'nalishlarini batafsil muhokama qildilar.

Darhaqiqat, O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi munosabatlar nafaqat investitsiya savdo yo'nalishida, balki ta'lim, ilmiy tadqiqot, diniy-ma'rifiy yo'nalishlarda ham izchil rivojlanib bormoqda. Bunga 4-10-oktyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo'yicha maslahatchisi o'rinbosari, O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining AQShga tashrifi misolida ham amin bo'lish mumkin.

Yuta shtati Provo shahrida 100 dan ziyod mamlakatdan diniy-ma'rifiy, ijtimoiy-huquqiy soha vakillari ishtirok etgan "Xalqaro huquq va din" mavzusidagi 32-xalqaro simpoziumda Muzaffar Kamilov "Rivojlanish yo'lini qurish: diniy erkinlikni mintaqaviy, milliy va xalqaro himoya qilish (O'zbekiston tajribasi asosida)" mavzusida ma'ruza qildi. Ma'ruzada Yangi O'zbekistondagi diniy-ma'rifiy sohadagi islohotlar, millatlararo totuvlik, diniy bag'rikenglik, inson qadrini ulug'lash, ijtimoiy adolat va birdamlik kabi umuminsoniy tamoyillarga yuksak darajada e'tibor berilayotgani ta'kidlandi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasidagi nutqiga ham alohida to'xtaldi. Davlatimiz rahbarining ushbu nutqida mintaqaviy va global darajadagi masalalarga alohida ahamiyat qaratilgani, zamonaviy dunyodagi tahdidlar, xavfsizlikka doir masalalar, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar samarasi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi barqaror taraqqiyotni ta'minlash masalalariga munosabat bildirilganini alohida urg'uladi.

Tashrifning sermahsul kechganini ko'rsatuvchi yana bir ma'lumotga e'tibor qaratsak, O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Yuta shtati Senati Raisi bilan uchrashuv o'tkazdi. Konstruktiv va do'stona kechgan muloqotda O'zbekiston va AQSh o'rtasida o'zaro ishonch va qo'llab-quvvatlashga tayangan strategik hamkorlik aloqalari yildan yilga rivoj topib borayotgani alohida qayd etildi.

Xususan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Amerika Qo'shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampning BMT Bosh qarorgohida o'tkazgan uchrashuvi ikki mamlakat hamkorlik munosabatlarida burilish nuqtasi bo'lgani e'tirof etildi.

Muzaffar Komilov AQSh rasmiylariga O'zbekistonda diniy-ma'rifiy, ijtimoiy-huquqiy sohalardagi islohotlarga to'xtalib, ularning amaliy natijalari Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo'shnichilik va iqtisodiy o'sish sur'atlarida namoyon bo'layotganini bildirdi. Yuta shtati Senati raisi Styuart Adams O'zbekistonni xalqaro hamjamiyatda o'z so'zi va o'rniga ega mamlakat sifatida yuksak e'tirof etdi.

Tashrif asnosida delegatsiya a'zolari Yuta shtatining Ijtimoiy himoya markazida bo'lib, muhtojlarga yordam ko'rsatish tizimi, turli xizmatlar, kasbiy o'quv markazlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. E'tiborlisi, bu yerda ko'rsatiladigan barcha xizmatlar mahalliy cherkov tomonidan aholi uchun xayriya tarzida tashkil etiladi.

Shundan so'ng delegatsiya a'zolari Solt-Leyk-Sitidagi Insonparvarlik ijtimoiy markazida ham bo'lishdi. Markaz 1991-yilda tashkil etilgan bo'lib, dunyo bo'ylab yuboriladigan xayriya yordamlarini tayyorlash uchun xizmat qiladi. Shu bilan birga, Markaz ishga joylashishda muammoga uchragan aholi uchun kasb-hunar o'rgatish vazifasini ham bajaradi. Markaz rahbariyati bilan muloqotda O'zbekistonda kambag'allikni qisqartirish, yangi ish o'rinlarini yaratish, kuchli ijtimoiy himoya tizimini yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Ushbu yo'nalishda AQShning tegishli muassasalari bilan hamkorlik ikki tomon uchun ham manfaatli bo'lishi qayd etildi.

Xulosa o'rnida aytish mumkinki, O'zbekiston va Amerika Qo'shma Shtatlari o'rtasidagi munosabatlar yangi strategik bosqichga ko'tarilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat tufayli ikki davlat o'rtasida siyosiy ishonch, iqtisodiy hamkorlik hamda madaniy-ma'rifiy aloqalar izchil rivojlanmoqda. O'zbekiston delegatsiyasining AQShdagi xalqaro tadbirlardagi ishtiroki mamlakatimizning diniy bag'rikenglik, inson qadri va ijtimoiy adolat tamoyillariga tayangan islohotlarini jahon hamjamiyatiga namoyon etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish