Surabaya shahrida O'zbekiston-Indoneziya strategik hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Oktabr 20, 2025. 12:35 • 3 daq
• 29
SURABAYA, 20-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Indoneziyaning Sunan Ampel nomidagi davlat islom universitetida "Siyosiy laboratoriya: O'zbekiston - Indoneziya strategik hamkorligi" mavzusida xalqaro seminar bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Surabaya shahrida bo'lib o'tgan tadbir Indoneziya Tashqi ishlar vazirligi va Sharqiy Yava provinsiyasi ma'muriyati bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjumanda Tashqi ishlar vazirligi Janubiy va Markaziy Osiyo departamenti yetakchi diplomatlari, Surabayada joylashgan "aql markazlari" va ilmiy-tadqiqot institutlari mutaxassislari, Sharqiy Yava provinsiyasi ma'muriyati mas'ul xodimlari va boshqalar ishtirok etdi.
Seminar O'zbekiston va Indoneziya o'rtasidagi munosabatlar holatini tahlil etish, siyosiy muloqotni mustahkamlash bo'yicha chora-tadbirlar majmuini belgilab olish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashish Samarqand viloyati va Sharqiy Yava provinsiyasi o'rtasida hududlararo hamkorlikni yo'lga qo'yish maqsadida tashkil etildi.
Anjumanni Indoneziya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Abdul Qodir Jaylani ochib berdi. Diplomat O'zbekiston-Indoneziya munosabatlarining bugungi holati haqida so'z yuritib, aloqalarni yangi pog'onaga olib chiqish uchun yetarlicha imkoniyat va har ikki tomonda intilish borligini ta'kidladi.
"Markaziy Osiyo mintaqasi, jumladan O'zbekiston Indoneziya tashqi siyosatida ustuvor o'rin egallaydi, – deb TIV rahbari o'rinbosari. – Indoneziya birinchilar qatorida O'zbekiston mustaqilligini tan olgan va respublika poytaxtida o'z elchixonasini ochgan davlatdir. Diplomatik aloqalar 1992-yilda o'rnatilgan bo'lsada, O'zbekiston bilan aloqalar chuqur tarixga borib taqaladi. Buyuk ipak yo'li chorrahalarida joylashgan ushbu davlatni islom sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo'shgan diyor sifatida e'tirof etamiz. O'zbekiston Indoneziyaning Markaziy Osiyodagi yaqin hamkori va ishonchli sherigidir.
Sunan Ampel nomidagi davlat islom universiteti rektori professor Ahmad Muzakki o'z ma'ruzasida O'zbekistonning islom olamida egallagan o'rni, Movarounnahr ulamolarining Indoneziya orollarida islomni targ'ib etish yo'lidagi xizmati haqida so'z yuritib, ta'lim sohasidagi aloqalarni yana kengaytirish zarurligini qayd etdi.
"O'zbekistonning islom olamida egallagan mavqei xususida so'z borganda, eng avvalo bu zamindan yetishib chiqqan Imom Moturudiy, Imom Buxoriy va Imom Termiziylar kabi buyuk mutafakkir olimlarning siymolari ko'z oldimizga keladi. Biz uchun O'zbekiston Imom Buxoriy yurti. Qadimdan ziyo va ilm markazi bo'lgan Buxoro va betakror Samarqandni har bir indoneziyalik hurmat bilan tilga oladi. Shuningdek, universitetimiz O'zbekistondagi turdosh oliy o'quv yurtlari va madaniy-ma'rifiy markazlar bilan aloqa o'rnatishdan va qo'shma dasturlarni amalga oshirishdan manfaatdor", dedi rektor.
Sharqiy Yava provinsiyasi ma'muriyati qoshidagi Investitsiyalar va savdo markazi direktori Diyax Ermavati ushbu mintaqa va Samarqand viloyati o'rtasida hamkorlik aloqalarini o'rnatish istiqbollari haqida ma'ruza qildi.
"Sharqiy Yava provinsiyasi ma'muriyati Samarqand viloyati bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatishdan manfaatdor. Ushbu hududning iqtisodiy va eksport imkoniyatlari, sayyohlik jozibadorligi va madaniy-ma'rifiy salohiyatidan xabardormiz. Savdo, turizm, madaniyat va ta'lim sohalarida yaqindan aloqa qilishga barcha sharoitlar mavjud. Samarqand viloyati va Sharqiy Yava provinsiyasi o'rtasida anglashuv memorandumini imzolash masalasi yuzasidan tegishli choralar ko'rilmoqda", dedi Diyax Ermavati.
Seminar doirasida, shuningdek, O'zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va sayyohlik jozibadorligiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi, mavzuga oid videofilmlar namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi