Logo

Tehron shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti transport vazirlarining 13-yig'ilishi bo'lib o'tdi

Iyun 05, 2025. 13:56 • 2 daq

52
Tehron shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti transport vazirlarining 13-yig'ilishi bo'lib o'tdi

TEHRON, 5-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov Eron poytaxtida bo'lib o'tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) transport vazirlarining 13-yig'ilishida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Transport vazirligi ma'lumotiga ko'ra,   yig'ilish ishtirokchilari IHT mintaqasida samarali, integratsiyalashgan va barqaror transport tizimlarini rivojlantirishning hozirgi muammolari va istiqboldagi imkoniyatlari xususida fikr almashdilar.

Muzokaralarda multimodal transport yo'laklarini takomillashtirish, transport sohasida raqamlashtirishni rag'batlantirish, transchegaraviy savdo va tranzitni osonlashtirish, mintaqaviy kelishuv va dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

O'zbekiston transport vaziri Ilhom Maxkamov o'z nutqida, IHTga a'zo davlatlar sammitida yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan transport va logistika sohasida o'zaro bog'liqlikni kuchaytirish bo'yicha ilgari surilgan takliflar va ularni joriy etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar to'g'risida ma'lumot berdi.

Xususan, 2023-yil 8 – 9-noyabr kunlari Toshkentda bo'lib o'tgan IHTning 16-sammitida O'zbekiston Prezidenti tomonidan tashkilotga a'zo davlatlarning o'zaro transport-kommunikatsiya bog'liqligini kuchaytirish uchun zamonaviy tizimlarni keng joriy qilish maqsadida Toshkent shahrida tashkilotning Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish bo'yicha tashabbus ilgari surilgan.

Ilhom Maxkamov ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun transport va bojxona idoralari xodimlaridan iborat Ishchi guruh tuzgan holda yuk va bojxona hujjatlarini raqamlashtirish va o'zaro tan olish mexanizmlarini ishlab chiqish taklifini bildirdi.

Yig'ilishda vazirlar IHTga a'zo davlatlar o'rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga intilishlarini yana bir bor tasdiqladilar. Shuningdek, ular infratuzilmani yaxshilash, transport siyosatini uyg'unlashtirish va xususiy sektorning mintaqaviy transport loyihalarida ishtirokini kuchaytirish uchun muvofiqlashtirilgan harakatlar va sarmoya zarurligini ta'kidladilar.

Uchrashuvning asosiy natijasi strategik ustuvorliklar va mintaqaviy transport va aloqalarni yaxshilash bo'yicha jamoaviy yo'l xaritasini belgilab beruvchi Tehron deklaratsiyasining bir ovozdan qabul qilinishi bo'ldi.

Deklaratsiyaga Raqamli transport va bojxona ofisini tashkil etish hamda Samarqand aeroportini IHT aviatsiya xabi sifatida qabul qilish kabi O'zbekiston tomonidan berilgan takliflar kiritildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish