Logo

Hindistonlik yoshlarda O'zbekiston tibbiyot oliy bilim yurtlarida tahsil olishga bo'lgan qiziqish ortmoqda

Avgust 06, 2025. 07:36 • 2 daq

71
Hindistonlik yoshlarda O'zbekiston tibbiyot oliy bilim yurtlarida tahsil olishga bo'lgan qiziqish ortmoqda

DEHLI, 6-avgust. /"Dunyo" AA/. Dehli shahrida O'zbekiston-Hindiston tibbiy ta'lim forumi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hindistonning "AXIS" kompaniyasi va mamlakatimiz elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro anjumanda ikki mamlakat oliy bilim yurtlari hamda yoshlarga ta'lim xizmati ko'rsatuvchi agentliklar vakillari ishtirok etdi.

Elchi Sardor Rustamboyev mamlakatimiz ta'lim tizimi, jumladan, tibbiyot universitetlari va institutlari faoliyatini xalqaro talablar va standartlar darajasida isloh qilish yo'lida amalga oshirilayotgan tizimli sa'y-harakatlar haqida so'zlab berdi.

Ushbu yangilanish jarayoni samarasida qo'lga kiritilayotgan yuqori natijalar O'zbekiston oliy ta'lim tizimining xalqaro jozibadorligi oshishiga xizmat qilayotganiga alohida e'tibor qaratildi.

Bugungi kunda O'zbekiston universitet va institutlarini tanlayotgan xorijlik yoshlarning safi kengayib borayotgani qayd etildi. Xususan, 10 ming nafarga yaqin hindistonlik yigit va qiz O'zbekistonda tahsil olmoqda.

Samarqand davlat tibbiyot instituti prorektori Zafar Aminov chet ellik talabalar zamonaviy bilimlarga ega bo'lishi hamda ularni amaliy jihatdan mustahkamlash uchun yaratilgan qulay sharoitlar haqida so'zlab berdi. Hindiston vakillarini boy ilm-fan an'analariga ega qadimiy o'zbek shahrida o'qishga chorladi.

- Biz Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan yaqin hamkorlik aloqalarini olib bormoqdamiz, - deydi "AXIS" kompaniyasi boshqaruvchi direktori Ravinder Singh. – Kompaniyamiz hozirda 2 ming 200 nafardan ortiq hindistonlik yoshlarni O'zbekistonda tibbiy ta'lim olishiga yordam bermoqda. Ushbu ko'rsatkich yanada o'sishiga ishonamiz, chunki O'zbekiston oliy bilim yurtlarida o'qiyotgan yigit va qizlarimiz Hindistonga mukammal va amaliy bilimlarga ega bo'lib qaytmoqda.

Xalqaro forumda oliy ta'lim sohasidagi O'zbekiston-Hindiston aloqalarini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish