"Made in Uzbekistan" yorlig'i ostidagi mahsulotlar Yekaterinburgda o'tayotgan xalqaro sanoat ko'rgazmasida namoyish etilyapti
Iyul 09, 2025. 18:36 • 47 soniya
• 95
YEKATERINBURG, 9-iyul. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Jamshid Xodjayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi joriy yilning 7-10 iyul kunlari Yekaterinburg shahrida o'tkazilayotgan "Innoprom" xalqaro sanoat ko'rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

"Innoprom" xalqaro ko'rgazma maydonida O'zbekistonda ishlab chiqarilgan milliy mahsulotlarni qamrab olgan "Made in Uzbekistan" stendi tashkil etildi.
O'zbekiston pavilyoniga Rossiya Hukumati Raisi Mixail Mishustin tashrif buyurdi. U yurtimizda ishlab chiqarilayotgan to'qimachilik, elektron, elektrotexnika, farmatsevtika, charm va qurilish mahsulotlarini yuksak baholadi.
Mamlakatimiz delegatsiyasi a'zolari, shuningdek, "Innoprom" xalqaro ko'rgazmasining rasmiy ochilish marosimida va ko'rgazma doirasida tashkil etilgan bir qator tadbirlarda ishtirok etishdi.
Jumladan, O'zbekiston delegatsiyasi rahbari "Innoprom" xalqaro sanoat ko'rgazmasi doirasida tashkil etilgan yalpi majlisda so'zga chiqdi. Ishtirokchilarga mamlakatimiz taraqqiyotida kuzatilayotgan ijobiy tendensiyalar, yengil sanoat, qishloq xo'jaligi, avtomobilsozlik, farmatsevtika, biologiya, tog'-konchilik va boshqa jabhalarda erishilgan yuksak natijalar haqida so'zlab berildi. Shuningdek, O'zbekiston va Rossiya o'rtasidagi savdo-sotiq, eksport va importning bugungi holatiga e'tibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi