O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida to'rtta yirik energetika loyihasini amalga oshirish bo'yicha bitim imzolandi
Avgust 19, 2025. 10:47 • 42 soniya
• 64
KOBUL, 19-avgust. /"Dunyo" AA/. Afg'onistonning "TOLO news" axborot agentligi telekanalida O'zbekiston energetika vaziri Jo'rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining ushbu mamlakatga tashrifiga bag'ishlangan dastur namoyish etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Teledasturda safar davomida O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida to'rtta yirik energetika loyihasini amalga oshirish bo'yicha bitim imzolangani xabar qilingan.
"Bugun biz imzolayotgan ushbu shartnoma O'zbekiston Prezidentining bevosita qo'llab-quvvatlashi natijasidir. Bu loyiha Afg'oniston sanoatining rivojlanishida muhim rol o'ynaydi", – deya qayd etgan O'zbekiston energetika vaziri o'z intervyusida.
Ta'kidlanishicha, mazkur loyihalarning amalga oshirilishi natijasida O'zbekistondan Afg'onistonga 800 MVtdan 1000 MVtgacha elektr energiyasini yetkazib berish imkoni yaratiladi. Bu esa, o'z navbatida, mamlakatda elektr energiyasi ta'minoti taqchilligini bartaraf etishga yordam beradi.
"Shuningdek, mazkur loyihalar nafaqat mamlakatni elektr energiya bilan ta'minlaydi, balki Afg'onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga yordam beradi", – deydi telekanal muxbiri.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi