O'zbekiston va Misr farmatsevtika sohasida yangi hamkorlik bosqichiga qadam qo'ymoqda
Avgust 13, 2025. 15:56 • 2 daq
• 81
QOHIRA, 13-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Mansurbek Qilichev Misr dori-darmon agentligi (EDA) raisi, doktor Ali Gamravi bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot davomida O'zbekiston va Misr o'rtasida farmatsevtika sohasidagi hamkorlik istiqbollari va amaliy yo'nalishlar muhokama qilindi.
Agentlik rahbari Ali Gamravi o'z muassasasi faoliyati haqida batafsil ma'lumot berdi. Uning aytishicha, EDA mustaqil regulyator sifatida to'g'ridan-to'g'ri Misr Bosh vaziriga hisobot beradigan markaziy tuzilma hisoblanadi. Agentlikning asosiy vakolatlariga dori vositalarini ro'yxatga olish va litsenziyalash, GMP/GDP inspeksiyalarini amalga oshirish, farmakonazorat, narx belgilash va bozor kuzatuvi kiradi.
Misr tomoni, shuningdek, O'zbekiston bilan tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar "gap-analysis" o'tkazish, ichki regulyator hujjatlar va uslubiy materiallar bilan ta'minlash, mutaxassislar uchun "GxP" standartlari va farmakonazorat bo'yicha treninglar tashkil etish rejalari xususida fikr almashdilar. Shu bilan birga, jenerik dori vositalari, insulin, onkologik preparatlar va faol farmatsevtik moddalar ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari ko'rib chiqildi.
Axborot almashinuvi doirasida EDA o'z elektron bazasidagi 60 mingga yaqin mahsulot, jumladan 12 ming dori vositasining ro'yxatini bosqichma-bosqich taqdim etishga rozilik bildirdi. Bu qadam ikki mamlakat farmatsevtika bozorlari o'rtasidagi o'zaro ishonch va ochiqlikni yanada mustahkamlaydi.
Uchrashuv davomida, shuningdek, investitsiyalar, akademik almashinuv va ilmiy-tadqiqot sohasida hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Misr universitetlari va Toshkent farmatsevtika instituti o'rtasida hamkorlik o'rnatishga e'tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlik shartnomasi loyihasini muvofiqlashtirish va imzolashga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi