Logo

O'zbekiston va Germaniya o'rtasida tibbiyot sohasida navbatdagi hamkorlik kelishuvi imzolandi

Aprel 14, 2025. 09:19 • 2 daq

161
O'zbekiston va Germaniya o'rtasida tibbiyot sohasida navbatdagi hamkorlik kelishuvi imzolandi

BERLIN, 14-aprel. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida Samarqanddagi Abu Ali ibn Sino va Haynrix Shipperges nomidagi xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi" nodavlat ta'lim va ilmiy metodik muassasasi hamda "Kox-Avitsenna" Germaniya-O'zbekiston tibbiyot jamiyati o'rtasida hamkorlik kelishuvini imzolash marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.     

 Unda "Kox-Avitsenna" Germaniya-O'zbekiston tibbiyot jamiyati a'zolari, Samarqand xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi rahbariyati, Germaniya tibbiyot muassasalari va oliy o'quv yurtlari vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, mamlakatimiz elchisi Dilshod Axatov O'zbekiston va Germaniya o'rtasida tobora jadallashib borayotgan hamkorlik aloqalari tibbiyot sohasida ham faol rivojlanib borayotganini ta'kidladi. Bunda ayniqsa, 2023-yilda Samarqandda va 2024-yilda Berlinda o'tkazilgan O'zbekiston-Germaniya tibbiyot forumlari hamda birgalikda amalga oshirilgan loyihalar muhim o'rin tutishini qayd etildi.

"Butunjahon sog'liqni saqlash kuni arafasida imzolangan ushbu kelishuv yurtimizda tibbiyot xodimlarini zamonaviy metodlar orqali o'qitish va tayyorlashga xizmat qiladi", dedi O'zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari.

Samarqand xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi asoschisi Azamat Egamberdiyev o'z navbatida, ishtirokchilarni xalqaro ta'lim muassasasining konsepsiyasi, faoliyati, rejalari bilan yaqindan tanishtirdi. U, shuningdek, nemis tomonini qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Muloqot davomida ta'lim muassasalari o'rtasida hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Shundan so'ng, Samarqand xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi va "Kox-Avitsenna" Germaniya-O'zbekiston tibbiyot jamiyati o'rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi.

 Shuningdek, ishtirokchilar joriy yilda uchinchi tibbiyot forumini O'zbekistonda, iyun oyida Samarqandda tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan qo'shimcha tadbir o'tkazish o'tkazish bo'yicha fikrlar almashildilar.

 Aksel Rixter, "Koch-Avicenna" Germaniya-O'zbekiston tibbiyot jamiyati raisi, tibbiyot fanlari doktori, professor:

– Biz faqat an'anaviy sohalarni emas, balki tibbiyot fani bilan bog'liq boshqa fanlararo ilmiy yo'nalishlar, salomatlik fanlari bo'yicha ham hamkorlik imkoniyatlari haqida so'z yuritdik. O'zbekistonga safarimiz davrida yurtingiz akademik darajadagi hamshiralarni tayyorlashda yetakchi ekanligiga amin bo'lganmiz. Hamkorlik doirasida tibbiyot huquqi kabi maxsus yo'nalishlarni ham joriy etish haqida fikr almashdik.

Timo Ulrixs, "Akkon" gumanitar fanlar instituti professori, tibbiyot fanlari doktori:   

– Samarqand xalqaro salomatlik fanlari oliy maktabi va "Koch-Avicenna" Germaniya-O'zbekiston tibbiyot jamiyati o'rtasida yaqin aloqalarini o'rnatish munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda ishtirok etdik va sheriklik munosabatlarini istiqbollari yuzasidan fikr almashdik. Bizda salomatlik fanlari yo'nalishida bilim olish istagidagi yoshlar uchun o'xshash ta'lim dasturlari va kompetensiya portfellari mavjud. Bu esa Abu Ali ibn Sino va Haynrix Shipperges nomidagi oliy maktab va "Akkon" instituti hamkorlikda ishlashi, birgalikda o'quv dasturlarini ishlab chiqishi uchun poydevor mavjudligidan dalolat beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish