O'zbekiston va Pokiston madaniyat vazirlari Samarqanddagi uchrashuvda yangi qo'shma loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldilar
Iyun 02, 2025. 14:42 • 54 soniya
• 73
SAMARQAND, 2-iyun. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 26-28-may kunlari Pokiston milliy meros va madaniyat vaziri Avrangzeb Xan Xichi amaliy tashrif bilan O'zbekistonda bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida Pokiston milliy meros va madaniyat vaziri, "Samarqand shahri – 2025-yil Islom dunyosi madaniy poytaxti" tantanali tadbirlari hamda "Islom dunyosi madaniy merosi va madaniy ifodalari: xattotlik, musiqa, she'riyat va birdamlik" forumida ishtirok etdi.
Pokiston milliy meros va madaniyat vaziri Avrangzeb Xan Xichi tashrif davomida O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashdi.
Muloqot davomida madaniy-gumanitar yo'nalishlarda ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi. Jumladan, madaniyat sohasida o'zaro hamkorlik bo'yicha 2021-2026-yillarga mo'ljallangan Hamkorlik memorandumini navbatdagi besh yillik muddatga uzaytirish, ikki mamlakatda o'zaro madaniyat kunlarini o'tkazish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida, "O'zbekiston-Pokiston: umumiy madaniy meros" nomli fotoko'rgazma tashkil etish, O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida Pokiston muzeylarining o'z eksponatlari bilan ishtirokini ta'minlash va 2026-yilda mazkur mamlakatda o'tkaziladigan xalqaro madaniy tadbirlarda yurtimiz delegatsiyasining ishtirokini uyushtirish bo'yicha kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi