O'zbekistonda Singapur modeli asosida pilot maxsus iqtisodiy zona tashkil etilishi rejalashtirilmoqda
Avgust 18, 2025. 12:23 • 54 soniya
• 139
TOSHKENT, 18-avgust. /"Dunyo" AA/. Singapurga tashrif doirasida O'zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi "Singapore Cooperation Enterprise", "Sembcorp Industries" va "Wilmar International" kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) ma'lumotiga ko'ra, muzokaralar konstruktiv ruhda kechib, tomonlar hamkorlikni rivojlantirish bo'yicha navbatdagi choralarni belgilab oldilar.
O'zbekistonning maxsus iqtisodiy zonalarida samaradorlikni oshirish dasturini ishlab chiqish, bunda "yagona oyna" mexanizmi, unifikatsiyalangan boshqaruv standartlari, CRM platformasi va zamonaviy infratuzilmani joriy etish, shuningdek, strategik investitsiyalarni jalb etishga yo'naltirish bo'yicha kelishuvga erishildi.
Singapur modeli asosida pilot maxsus iqtisodiy zonani tashkil etish tashabbusi muhokama qilindi. Buning uchun qo'shma ekspertlar guruhi shakllantiriladi.
Yana bir muhim kelishuvlardan biri – Toshkent viloyati O'rta Chirchiq tumanida 1800 ish o'rni yaratish imkonini beruvchi agrosanoat loyihasini amalga oshirish bo'yicha choralar belgilandi.
Tashrif Singapur hamkorlarining uzoq muddatli hamkorlikka bo'lgan yuqori qiziqishi borligini namoyon etdi hamda investitsiyalarni jalb etish va qo'shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochib berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi