Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Pokistonning Karachi shahrida ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo'nalishlarini muhokama qildi

May 30, 2025. 18:16 • 2 daq

38
O'zbekiston delegatsiyasi Pokistonning Karachi shahrida ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo'nalishlarini muhokama qildi

KARACHI, 30-may. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi va "O'zto'qimachiliksanoat" uyushmasi rahbariyati va yurtimiz tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaning Pokistonga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida 27-28-may kunlari Karachi shahrida bir qator yirik kompaniyalar bilan uchrashuvlar va muzokaralar bo'lib o'tdi.

"Zaman Textile Mills Ltd." kompaniyasi rahbariyati bilan bo'lib o'tgan muzokaralarda to'qimachilik sohasidagi hamkorlik istiqbollari, jumladan, O'zbekistonda tayyor mahsulotlar va uy tekstili ishlab chiqarish, to'qimachilik sanoatining to'liq zanjirini shakllantirish masalalari muhokama qilindi. O'zbekiston delegatsiyasi kompaniyaning ishlab chiqarish va texnologik imkoniyatlari, xomashyodan tayyor mahsulotgacha bo'lgan to'liq sanoat zanjiri, to'qish va bo'yash texnologiyalari bilan yaqindan tanishdi.

"Hub Leather", "Alliance Plus" va "Nova Leather" kompaniyalari rahbariyatlari bilan uchrashuvlarda O'zbekistonda mayda shoxli hayvonlar terisini qayta ishlash va tayyor teri mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari muhokama qilindi. Texnologiya transferi va ishlab chiqarish quvvatlarini mahalliylashtirish bo'yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. "Hub Leather" kompaniyasi rahbariyati 9-10-iyun kunlari O'zbekistonga tashrif buyurib, qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha amaliy muzokaralar o'tkazishi rejalashtirilmoqda.

Tashrif davomida "Diner's" kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan "Uzbek-Pak Trading Centre" savdo uyida davra suhbati tashkil etildi. Unda ikki mamlakatdan yirik biznes doira vakillari, eksport-import kompaniyalari, turistik agentliklar hamda vatandoshlar ishtirok etdi.

Savdo-sanoat palatasi tomonidan ushbu savdo markazini Pokiston bozorida talab yuqori bo'lgan o'zbek mahsulotlari bilan ta'minlash yuzasidan kelishuvga erishildi.

"Artistic Milliner's", "Tabani" va "Ashraf Textiles" kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlarda yurtimizdagi kam quvvatda faoliyat yurituvchi to'qimachilik korxonalarini boshqaruvga olish yoki qo'shma korxonalar tashkil etish, menejmentni takomillashtirish masalalari atroflicha ko'rib chiqildi. Ushbu kompaniyalar vakillari joriy yil iyul oyida O'zbekistonga tashrif buyurishiga va muzokaralarni davom ettirish tomonlarning ish jadvaliga kiritildi.

Karachiga tashrif doirasida "Korangi Trade Association" uyushmasi bilan o'tkazilgan biznes-forumda ikki tomonlama savdo hajmini oshirish va mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish masalalari yuzasidan aniq natijalarga erishildi. Tomonlar muntazam asosda har chorakda uchrashuvlar o'tkazish orqali tadbirkorlar o'rtasidagi biznes aloqalarni mustahkamlashga kelishib oldi.

O'zbekiston delegatsiyasining Pokistonga tashrifi davom etmoqda.  

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish