Logo

O'zbekiston Britaniyaning parrandachilik sanoatini rivojlantirish bo'yicha tajribasini o'rganmoqda

Avgust 12, 2025. 11:40 • 2 daq

44
O'zbekiston Britaniyaning parrandachilik sanoatini rivojlantirish bo'yicha tajribasini o'rganmoqda

LONDON, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elxixonasi ko'magida O'zbekiston va Britaniya parranda sanoati vakillari o'rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekiston tomonidan "Parrandasanoat" uyushmasi raisi birinchi o'rinbosari Ulug'bek Ahmedov hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi boshqarma boshlig'i Abdurasul Boltayev ishtirok etdi. Xorijiy tomondan esa Britaniya parrandachilik kengashining ijrochi direktori Richard Griffits, "Aviagen UK" rahbari Bleyk Uilyamson va "Cobb Europe" kompaniyasining eksport bo'yicha direktori Styuart Barrel qatnashdi.

Muzokaralar chog'ida parrandachilik yo'nalishida o'zaro savdo aloqalarini kuchaytirish, naslli parrandalar yetishtirish sohasida hamkorlik qilish va bu boradagi sertifikatlash tizimini tomonlar uchun maqbullashtirish masalalari muhokama qilindi.

Britaniyada faoliyat yurituvchi kompaniyalarning mazkur sohadagi ilg'or tajribasini o'rganishga alohida e'tibor qaratildi.

Britaniya parrandachilik kengashi mamlakatda parranda go'shti sanoati bo'yicha milliy savdo uyushmasi hisoblanadi va unga 70 dan ortiq kompaniyalar a'zo bo'lgan.

"Aviagen Group" parrandalarni seleksiya qilish bo'yicha jahonda yetakchi sanaladi. Kompaniya 1923-yilda tashkil etilgan. Go'shtga ixtisoslashgan parrandalar seleksiyasi bo'yicha jahon bozorining 80 foiz ulushi mazkur kompaniya hissasiga to'g'ri keladi. "Aviagen UK" fabrikalari zotdor parranda nasllarini butun dunyoga eksport qilishda ham yetakchidir.

"Cobb Europe" dunyodagi eng yirik va ilg'or broyler naslchilik kompaniyalaridan biridir. Tashkilot 1916 yilda tashkil etilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish