Logo

Dehlida o'zbek tili va adabiyotiga bag'ishlangan xalqaro simpozium bo'lib o'tdi

Noyabr 08, 2025. 09:35 • 2 daq

119
Dehlida o'zbek tili va adabiyotiga bag'ishlangan xalqaro simpozium bo'lib o'tdi

DEHLI, 8-noyabr. /"Dunyo" AA/. Javoharla'l Neru universitetining Til, adabiyot va madaniyat tadqiqotlari maktabida o'zbek tili va adabiyotiga bag'ishlangan xalqaro simpozium bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Simpoziumda ta'lim, fan va akademik tadqiqotlar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish jarayonida bu kabi forumlarning ahamiyati yuqori ekani, ular ikki xalq o'rtasidagi o'zaro anglashuvni chuqurlashtirish, shuningdek, boy ma'naviy, madaniy va adabiy merosga bo'lgan o'zaro qiziqishni oshirishga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo va Hindiston o'rtasidagi ko'p asrlik madaniy-gumanitar, jumladan, adabiy aloqalarni alohida qayd etdi.

Bunday tadbirlar ta'lim, fan va akademik tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Ikki davlat ilmiy-akademik va madaniy-gumanitar doiralari vakillari so'nggi yillarda Hindiston va O'zbekiston o'rtasidagi jadal rivojlanayotgan hamkorlikni alohida ta'kidlab, Javoharla'l Neru universitetining Markaziy Osiyo xalqlari tillarini o'rganish va mintaqaga oid tadqiqotlarni rivojlantirishdagi o'rnini yuqori baholadi.

Shu bilan birga, so'nggi yillarda hind yoshlari orasida o'zbek tilini o'rganishga qiziqish ortib borayotgani alohida qayd etildi. Bu kabi anjumanlar yosh tadqiqotchilar va talabalar uchun o'z bilimini chuqurlashtirish, til egalari bilan muloqot qilish va samarali ilmiy ishlar uchun yangi turtki olish uchun noyob imkoniyat yaratishi urg'ulandi.

- Biz O'zbekiston delegatsiyasini qutlashdan juda mamnunmiz, - deydi Javoharla'l Neru universiteti Eron va Markaziy Osiyo tadqiqotlari markazining Til, adabiyot va madaniyat tadqiqotlari maktabi rahbari professor Axloq Ahmad Ahan. - O'zbekiston olimlari va san'at arboblari bilan hamkorligimiz jadal rivojlanmoqda. Ishonchimiz komilki, ushbu sheriklik va O'zbekiston elchixonasi tomonidan ko'rsatilayotgan amaliy ko'mak tufayli yoshlarimizga o'zbek tili va adabiyotini o'qitish sifat jihatdan yanada yuqori darajaga ko'tariladi.

Simpozium dasturi doirasida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi, Samarqand davlat universiteti, Urganch innovatsion universiteti, Qo'qon davlat pedagogika universiteti va mamlakatimizning boshqa o'quv yurtlari vakillarining taqdimotlari va badiiy chiqishlari katta taassurot uyg'otdi.

Ular o'z chiqishlarida o'zbek tili va adabiyotining boyligi, shuningdek, hind tili va adabiyoti an'analari bilan chuqur tarixiy rishtalar haqida so'zlab berdi.

Tadbir doirasida o'zbek mualliflarining ingliz tiliga tarjima qilingan va Hindistonda nashr etilgan asarlari taqdim etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish