O'zbekiston va Buyuk Britaniya iqtisodiyot sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan ixtisoslashtirilgan ta'lim dasturlarini amalga oshirishni muhokama qilmoqda
Iyun 03, 2025. 09:17 • 59 soniya
• 98
LONDON, 3-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida "CERGE-EI" fondi prezidenti va bosh direktori Toni Klaudino hamda ushbu tashkilot boshqaruvi a'zosi Syuzan Uolton bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Muloqot chog'ida O'zbekistonda iqtisodiy ta'limni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Toni Klaudino joriy yilning aprel oyida O'zbekistonga qilgan safari davomida bo'lib o'tgan uchrashuvlar natijalarini yuqori baholadi. "O'zbekistonga tashrif davomida "El-yurt umidi" jamg'armasi, shuningdek, mamlakatingizning qator yetakchi oliy o'quv yurtlari rahbariyati bilan samarali uchrashuvlar o'tkazdik. Natijada sheriklik munosabatlarini rivojlantirish bo'yicha kelishuvga erishildi. Xususan, iqtisodiyot sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan ixtisoslashtirilgan ta'lim dasturlari va stipendiya tashabbuslarini amalga oshirish ko'zda tutilgan", – dedi u.
"SSRN" va "RePEc" ma'lumotlariga ko'ra, mazkur fond dunyoning yetakchi tadqiqot institutlari qatoridan joy olgan "CERGE-EI" (Iqtisodiy tadqiqotlar va magistratura ta'limi markazi —Iqtisodiyot instituti) huzurida faoliyat yuritadi. Universitet rivojlanish iqtisodiyotiga ixtisoslashgan tadqiqot institutlarining global tarmog'i bo'lgan Global taraqqiyot tarmog'ining bir qismidir.
Jamg'armaning missiyasi rivojlanayotgan mamlakatlarda yosh mutaxassislarni tayyorlash va qo'llab-quvvatlashga qaratilgan. Shu maqsadda "CERGE-EI" va Yevropadagi boshqa ta'lim muassasalarida o'qish uchun tadqiqot grantlari va stipendiyalar taqdim etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi