Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Hindiston bilan hamkorlikda zamonaviy referens-laboratoriya ochildi
Avgust 16, 2025. 09:04 • 1 daq
• 80
TOSHKENT, 16-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida Hindiston bilan hamkorlikda zamonaviy referens-laboratoriya ochildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

2021-yil yil dekabr oyida imzolangan memorandum ijrosi doirasida amalga oshirilgan loyiha qiymatini qariyb 1,5 million dollarga teng grant mablag'lari tashkil qildi.
Ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga avtomatik biokimyoviy va gematologiya analizatorlar, koagulometr, eritrotsitlarning cho'kish tezligini aniqlovchi hamda sentrifuga apparatlari, termostat kabi ilg'or qurilmalar va jihozlar o'rnatildi.
Buning natijasida ilg'or usuldagi qator molekulyar allergologik tashxisot usullari yo'lga qo'yildi.
O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, xususan, "ALEX" tashxis usuli bemor qonidagi salkam 300 ta allergenga sezuvchanlikni molekulyar oqsil darajasida aniqlash imkonini beradi. "PROTIA Allerqy-Q 96" texnologiyasi orqali esa 90 turdagi maxsus allergenlarni bir vaqtning o'zida tekshirish mumkin.
Shuningdek, "Thermo Fisher Scientific" kompaniyasining "Phadia 200" avtomat analizatori bir vaqtning o'zida 100 ga yaqin allergenlarning molekulasini aniqlay oladi. Bu texnologiya allergik kasalliklar diagnostikasida xalqaro darajadagi "oltin standart"ga to'liq javob beruvchi moslama hisoblanadi.
Yangi referens-laboratoriyaning ochilish marosimida Hindistonning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi