Logo

Nyu-Yorkda Sivilizatsiyalar o'rtasidagi xalqaro muloqot kuni munosabati bilan BMTning mavzuli tadbiri bo'lib o'tdi

Iyun 16, 2025. 07:14 • 3 daq

62
Nyu-Yorkda Sivilizatsiyalar o'rtasidagi xalqaro muloqot kuni munosabati bilan BMTning mavzuli tadbiri bo'lib o'tdi

NYU-YORK, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida tarixda ilk bor Sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kunini nishonlashga bag'ishlangan yuqori darajadagi tematik tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir Xitoy va O'zbekiston diplomatik vakolatxonalari, BMTning Sivilizatsiyalar alyansi (UNAOC) tomonidan Misr, Peru va Ispaniya tomoni bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Eslatib o'tamiz, 2024-yil 7-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi Xitoy, O'zbekiston va bir qator a'zo davlatlar hamkorligida 10 iyun sanasini Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni deb e'lon qilish to'g'risidagi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qilgan edi. Dunyoning turli geografik qismlarini ifodalovchi 80 dan ortiq mamlakatlar ushbu hujjatning hammualliflari bo'ldi, bu esa uning keng global qo'llab-quvvatlanishi va dolzarbligini anglatadi.

Tadbirda 150 ga yaqin mehmon, jumladan, a'zo davlatlarning doimiy vakillari, elchilar, diplomatlar, BMT rahbariyati, ilmiy va ta'lim doiralari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ishtirokchilariga Xitoy Markaziy Qo'mitasi Siyosiy byurosi a'zosi, tashqi ishlar vaziri Van I, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Bosh Assambleyaning 79-sessiyasi raisi Filemon Yang, shuningdek, Kolumbiya universitetining Barqaror rivojlanish markazi direktori Jefri Saks videomurojaat yo'lladi.

Antoniu Guterrish, o'z murojaatida BMT boshidanoq ishonch asosida qurilganini qayd etib, muloqot tinchlikka yo'l ekanini ta'kidladi. Murosasizlik, ksenofobiya va Internetda dezinformatsiyaning tarqalishi sharoitida muloqot xalqlar o'rtasida ishonch va o'zaro tushunishni mustahkamlash uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda.

BMT rahbari yigirma yil davomida global muloqot maydoniga aylangan Sivilizatsiyalar alyansi faoliyati muhimligini ta'kidladi. "Xalqaro kun harakatga chaqirish - tinglash, gapirish va bo'linishlarni emas, balki muloqotni izlash uchun mo'ljallangan. U xilma-xillik, hamjihatlik, qadr-qimmat va inson huquqlarini hurmat qilish asosida insoniyatni birlashtirishga chaqiradi", – dedi BMT Bosh kotibi.

O'zbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulug'bek Lapasov mamlakatimizning boy tarixiy merosiga to'xtalar ekan, O'zbekiston azaldan islom sivilizatsiyasi markazi bo'lib, u yerda buyuk alloma va mutafakkirlar yashab, insoniyatga bebaho ma'naviy meros qoldirganini ta'kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligidagi Yangi O'zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo'nalishlaridan sifatida bag'rikenglik, millatlararo va dinlararo totuvlik madaniyatini yuksaltirish belgilab olingani alohida urg'ulandi. Shu nuqtai nazardan, tenglik, adolat tamoyillariga amal qilish, madaniy va diniy xilma-xillikka hurmat ko'rsatishga chaqiruvchi mamlakatimiz rahbariyatining tashabbusi – "Umumiy tinchlik va farovonlik yo'lida Samarqand birdamlik tashabbusi" qayd etildi. O'zbekiston barcha davlatlar va xalqaro sheriklar bilan muloqotni rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylash, yanada tinch va adolatli dunyo barpo etish yo'lida kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekani tasdiqlandi.

Asosiy sessiyadan so'ng ishtirokchilar "Muloqot aks-sadosi: o'zaro bog'langan jahon merosi" ko'rgazmasi va "Chegaradan tashqari: san'atdagi madaniyatlar muloqoti" madaniy dasturining ochilishida ishtirok etishdi. Ularda dunyoning turli mintaqalaridagi an'anaviy va zamonaviy san'at turlarining badiiy o'zaro ta'siri namoyish etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish