BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston va Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" rezolyutsiyasini qabul qildi
Iyun 09, 2024. 13:49 • 2 daq
• 1225
NYU-YORK, 9-iyun. /"Dunyo" AA/. 7-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston va Xitoy tomonidan ishlab chiqilgan "Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni" deb nomlangan rezolyutsiyani bir ovozdan ma'qulladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Rezolyutsiyaga 80 dan ortiq a'zo mamlakatlar, shu jumladan Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, Armaniston, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Belarus, Eron, Indoneziya, Kuvayt, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Qatar, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Vengriya tomonidan hammualliflik qilgan.
Hujjat O'zbekiston rahbariyatining BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi (2023-yil) va ShHTning Samarqand sammitida (2022-yil) umumiy xavfsizlik va farovonlik yo'lida hamjihatlik ruhini yuksaltirish zarurligi, konstruktiv hamkorlikka intilish, shuningdek, tinchlik va barqaror farovonlikka erishish uchun xalqaro hamjamiyatlarning sa'y-harakatlarini safarbar qilish to'g'risida bildirilgan qarashlarini konseptual tarzda aks ettiradi.
Hujjatda dunyoda diniy va madaniy xilma-xillik muhimligi e'tirof etilgan holda, barcha madaniyatlar va tamaddunlarning insoniyatni taraqqiyotiga qo'shgan hissasi ijobiy qayd etilgan. Turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar o'rtasida bag'rikenglik, hurmat, muloqot va hamkorlik rag'batlantiriladi.
Rezolyutsiyada sivilizatsiyalar xilma-xilligi qadriyatini anglash, muloqot, o'zaro hurmat va global birdamlikni rivojlantirish maqsadida 10-iyunni Xalqaro sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqot kuni deb e'lon qilish to'g'risida qaror qabul qilingan.
Eslatib o'tamiz, 4-iyun kuni BMT Bosh Assambleyasi O'zbekiston tashabbusi bilan "Markaziy Osiyo davlatlarining giyohvandlik bilan bog'liq muammolarni samarali hal etish va bartaraf etish uchun yagona front bo'lib harakatlanish va hamkorlik qilishga tayyorligi" rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi.
7-iyun kuni yashirin ovoz berish natijalariga ko'ra, O'zbekiston BMTga a'zo davlatlarning 185 ovozini to'pladi va o'z tarixida birinchi marta BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashiga (ECOSOS) uch yil muddatga saylandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi