Sirdaryoda Vengriya tajribasi asosida “Smart qishloqlar” modeli joriy etiladi
Dekabr 04, 2025. 17:38 • 2 daq
• 415
TOSHKENT, 4-dekabr. /“Dunyo” AA/. Vengriya davlat boshqaruvi va hududiy rivojlanish vaziri Tibor Navrachich, Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov va O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Husainov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot jarayonida ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlik va do‘stona munosabatlar izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani taʼkidlandi. Bu jarayonlar mamlakatlar Yetakchilarining o‘zaro ishonchga asoslangan siyosati va olib borayotgan izchil diplomatik saʼy-harakatlari samarasi ekanligiga alohida urg‘u berildi.
Muhokamalar davomida Vengriyaning “Smart qishloqlar” modelini Sirdaryo viloyati Xovos tumanida pilot loyiha shaklida amalga oshirish, boshqaruv samaradorligini oshirish, davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar Sirdaryo viloyati Xovos tumanida 50 gektar yer maydonida O‘zbekiston–Vengriya texnoparkini tashkil etish, Vengriyaning Budapesht shahrida tadbirkorlar ishtirokida biznes-forum o‘tkazish, Guliston davlat universitetida Vengriyaning MATE universiteti baliqchilik fakulteti faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi va Vengriyaning Davlat boshqaruvi va hududiy rivojlantirish vazirligi o‘rtasida davlat boshqaruvi va davlat fuqarolik xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv Memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida ishtirokchilar davlat xizmati, inson resurslarini boshqarish va davlat boshqaruvi sohalarida qo‘shma tadbirlar, loyihalar va o‘quv dasturlarini amalga oshiradi. Shuningdek, innovatsion boshqaruv usullari, inson kapitali samaradorligini oshirish hamda hududlarni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlik qilinadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi