Logo

Vashingtonda "O'zbekiston biznes yetakchilari" dasturining istiqbollari muhokama qilindi

Iyul 13, 2025. 01:43 • 2 daq

107
Vashingtonda "O'zbekiston biznes yetakchilari" dasturining istiqbollari muhokama qilindi

VASHINGTON, 13-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonning AQShdagi elchixonasi xodimlari "Amerika kengashlari" tomonidan tashkil etilgan "O'zbekiston biznes yetakchilari" dasturiga bag'ishlangan davra suhbatida ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA muxbiri.

Unda, shuningdek, davlat departamenti xodimlari, biznes hamjamiyati, ekspertlar va akademik doiralar vakillari, shuningdek, "O'zbekiston biznes yetakchilari" almashinuv dasturining 2025-yilgi tanlov g'oliblari qatnashdi.

Tadbirda "Amerika kengashlari" prezidenti Liza Choate, AQSh davlat kotibining ta’lim va madaniyat masalalari bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Rebekka Passini, O'zbekiston elchisi Furqat Sidiqov, Resurslarni rivojlantirish bo'yicha milliy markaz direktori Jo Kapp, Amerika-O'zbekiston savdo palatasi ijrochi direktori Yelena Son, Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasining bo'lim direktori Tara Bleyk ma’ruza qildi.

Anjuman doirasida ikkita sessiya tashkil etildi. Birinchi sessiyada O'zbekiston va AQSh iqtisodiy munosabatlarining rivojlanish bosqichlari, biznes doiralarning almashinuv dasturlari hamda olingan bilimlarning O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi o'zaro savdosini oshirishdagi o'rni muhokama qilindi. Ikkinchi sessiyada ishtirokchilar o'rtasida iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bo'yicha takliflar va tashabbuslar ko'rib chiqildi.

"Amerika kengashlari" prezidenti Liza Choate so'nggi yillarda O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatda biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilganini ta’kidladi.

– Biz O'zbekistonda ingliz tilini biladigan hamda o'z biznesini yo'lga qo'ygan ikki mingdan ortiq hujjat topshirgan iste’dodli va yetakchi tadbirkorlarni ko'rib hayratda qoldik.

Bularning barchasi mamlakatingiz rahbari tomonidan olib borilayotgan samarali islohotlar natijasidir. Xususan, soliq va bojxona imtiyozlari, kredit va investitsiyalarning oshirilishi, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, yangi infratuzilmalar qurilishi hamda davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi orqali biznes muhiti sezilarli darajada yaxshilanganining guvohi bo'lyapsiz.

AQSH davlat kotibining ta’lim va madaniyat masalalari bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Rebekka Passini ta’lim ikki mamlakat aloqalarining muhim yo'nalishi ekanini, Davlat departamenti bundan keyin ham bu sohadagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratishini bildirdi.

Bu yilgi dastur AQShning Chikago, Klevlend va Pittsburgda tashkil etildi. Dastur o'zbekistonlik biznes yetakchilarning zamonaviy biznes ko'nikma va bilimlarini oshirish, innovatsion fikrlash va xalqaro tarmoq yaratish, AQSh va O'zbekiston o'rtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadlarini qamrab oldi.

"Amerika kengashlari" prezidentining so'zlariga ko'ra, AQSh Davlat departamenti ushbu dasturning istiqbolli ekaniga ishonch bildirib, buni moliyalashtirishni ma’qul deb topgan.

"Bu ta’lim sohasidagi dasturlar va ikki tomonlama hamkorlik o'zini oqlayotganining natijasidir", – dedi kengash rahbari.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish