Logo

O'zbekiston va Hindiston yetakchi tahlil markazlari Hamkorlik to'g'risida memorandum imzoladi

Sentabr 08, 2025. 21:09 • 2 daq

164
O'zbekiston va Hindiston yetakchi tahlil markazlari Hamkorlik to'g'risida memorandum imzoladi

DEHLI, 9-sentabr. /"Dunyo" AA/. Markaziy Osiyo xalqaro instituti (MOXI) va Hindiston xalqaro munosabatlar kengashi (Indian Council of World Affairs - ICWA) o'rtasida Hamkorlik to'g'risida memorandum imzolash bo'yicha onlayn-tadbir bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Memorandum MOXI direktori Javlon Vahobov va ICWA bosh direktori vazifasini bajaruvchi Nutan Kapur Maxavar tomonidan imzolandi. Tadbirda O'zbekistonning Dehlidagi va Hindistonning Toshkentdagi elchixonalari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur hujjat tomonlar o'rtasida ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, qo'shma tadqiqotlar, tahliliy faoliyat, ilmiy-amaliy seminarlar va davra suhbatlari o'tkazishni nazarda tutadi. Ushbu tashabbus O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar, xususan, xalqaro masalalar bo'yicha ilmiy-tahliliy aloqalarni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Tomonlar memorandum O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi ekspertlar darajasidagi muloqotni kengaytirish va institutsional aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam ekanini qayd etdi.

Hindistonlik ekspertlar O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan pragmatik, izchil va o'zaro ishonchga asoslangan mintaqaviy siyosat Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo'shnichilik makoni sifatida shakllantirishga xizmat qilayotgan muhim omil bo'layotganini e'tirof etdi.

Ta'kidlash lozimki, bu bilan Hindiston xalqaro munosabatlar kengashi O'zbekistonning to'rtinchi tahliliy muassasasi bilan hamkorlikni yo'lga qo'ydi. ICWA O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti, Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi hamda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi bilan ilmiy-akademik aloqalarni rivojlantirib kelmoqda.

ICWA Hindiston Tashqi ishlar vazirligi huzurida faoliyat yuritadigan xalqaro munosabatlar, geosiyosat va diplomatiya yo'nalishlarida tadqiqotlar olib borishga ixtisoslashgan yetakchi tahlil markazlardan biri hisoblanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish