Logo

Pokistonda "Study in Uzbekistan" ko'rgazmasi o'tkaziladi

Noyabr 19, 2025. 10:07 • 2 daq

52
Pokistonda "Study in Uzbekistan" ko'rgazmasi o'tkaziladi

ISLOMOBOD, 20-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Alisher To'xtayev Pokiston federal ta'lim va kasbiy tayyorgarlik davlat vaziri Vajiha Qamar bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot davomida O'zbekiston va Pokiston o'rtasida ta'lim, xususan, oliy ta'lim sohasida ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, professional kadrlar tayyorlash bo'yicha tajriba almashish, ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari o'rtasida akademik hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari ko'rib chiqildi.

Uchrashuv avvalida Vajiha Qamar YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida Pokiston delegatsiyasi rahbari sifatida O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifini iliq yodga oldi.

"Bunga qadar YUNESKO Bosh konferensiyasining bir qator sessiyalarida ishtirok etganman, ammo Samarqandda o'tkazilgan anjuman ham mazmuniy, ham tashkiliy nuqtai nazardan oldingilaridan mutlaqo farq qildi. 43-sessiya turli mamlakatlar vakillari o'rtasidagi muhokama emas, balki bayram tadbiri sifatida o'tdi. Boshqacha aytganda, hech kim muzokaralar va ishdan charchoqni his etmadi, aksincha har bir kun o'ziga xos tarzda sermahsul va maroqli o'tdi. Aminmanki, ushbu nufuzli tadbir doirasida O'zbekistonda bo'lgan har qanday mamlakat yoki xalqaro tashkilot a'zosi fikrimni tasdiqlaydi", – dedi u.

Shuningdek, Vajiha Qamar, O'zbekistonga tashrifi davomida O'zbekiston Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi vakillari bilan o'zaro hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashganini, Samarqand davlat chet tillar instituti faoliyati bilan tanishganini ma'lum qildi.

O'z navbatida, Pokiston vakilasiga so'nggi yillarda O'zbekistonda yosh avlodni oliy ta'lim bilan qamrab olish, ta'lim sifatini oshirish

va unga ilg'or xorijiy tajribani joriy etish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash va kasbiy ko'nikmalarini oshirish bo'yicha amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar haqida batafsil so'zlab berildi.

 Bundan tashqari, tomonlar Toshkent davlat tibbiyot universitetining Pokistonda filialini tashkil etish yoki qo'shma ta'lim dasturini yo'lga qo'yish, O'zbekiston to'qimachilik sanoati uchun Pokistondan malakali kadrlarni yetkazib berish, "Study in Uzbekistan" ko'rgazmasini o'tkazish va boshqa masalalar xususida fikr almashdilar.

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish