O‘zbekiston va Pokiston oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni rivojlantirmoqda
Noyabr 30, 2025. 14:17 • 2 daq
• 71ISLOMOBOD, 30-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston Fan va texnologiyalar milliy universitetiga (NUST) tashrif buyurdi va universitet rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Universitetning tadqiqot, innovatsiyalar va tijoratlashtirish bo‘yicha prorektori Rizvan Riyaz bilan kechgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari va NUST o‘rtasida o‘zaro manfaatli akademik aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tiklanuvchi energiya, sanoatni avtomatlashtirish, raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt, kiberxavfsizlik va boshqa ustuvor sohalarda hamkorlik qilish, innovatsiyalarni tijoratlashtirish, texnologiyalar transferi va startaplarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalar uchun qisqa muddatli o‘quv dasturlari, malaka oshirish kurslari va stajirovkalar tashkil etish hamda akademik harakatchanlikning boshqa shakllarini ishlab chiqish, ikki mamlakat tadqiqotchilari va olimlari ishtirokida qo‘shma ilmiy konferensiyalar, forumlar va davra suhbatlarini uyushtirish yuzasidan fikr almashildi.
– O‘zbekistonning tibbiyot, texnik fanlar, sunʼiy intellekt va huquq sohalariga ixtisoslashgan universitetlari hamda texnologik parklari bilan o‘zaro hamkorlikka oid hujjatlarni imzolashdan manfaatdormiz, – dedi NUST prorektori Rizvan Riyaz. – Hamkorlik istiqbollarini o‘rganish, muzokaralar kun tartibini shakllantirish va samaradorligini taʼminlash maqsadida dastlab bosqichga videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etishni taklif qilamiz.
O‘zbekiston diplomatik missiyasi rahbari tashrif davomida universitetda yaratilgan sharoitlar va NUST huzurida barpo etilgan Fan va texnologiyalar milliy parki faoliyati bilan tanishdi.
Maʼlum qilinishicha, 2019-yilda tashkil etilgan ushbu majmua iqtisodiyot va sanoatning barcha sohalarida, jumladan, mudofaa sanoati, energetika, axborot texnologiyalari, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, tibbiyot, taʼlim, moliya va boshqa sohalar uchun zamonaviy texnologik yechimlarni taklif etuvchi startaplar va kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash, ularga xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Texnopark hududida Yuqori texnologiyalar maxsus iqtisodiy zonasi, Maxsus texnologik zona va 350 dan ortiq laboratoriyalar ochilgan. Shuningdek, hududda yuqori texnologiyalar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish, loyihalashtirish va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 100 dan ortiq kompaniyalar, jumladan 60 dan ortiq startaplar, 40 dan ortiq kichik va o‘rta biznes korxonalari, 16 ta xorijiy mamlakatdan 30 ga yaqin kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ular tomonidan hozirga qadar 50 milliondan ortiq investitsiyalar jalb qilingan.
Texnopark aʼzolari uchun soliq va majburiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar, davlat va bank xizmatlari uchun “yagona darcha” tamoyili asosida kompleks xizmatlar taqdim etiladi.
Tashrif yakunida, NUST rahbariyati bilan O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va texnoparklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun muloqotni davom ettirish yuzasidan kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O‘zbekiston va Misr to‘qimachilik sanoatida istiqbolli kelishuvlarga erishdi
Vengriyaning nufuzli universitet va kompaniyalari bilan hamkorlik memorandumi imzolandi
Reading universitetining O'zbekistonda kampusini ochish masalasi muhokama qilindi


