Logo

O'zbekiston kurashchilari Ashxobodda bo'lib o'tgan xalqaro turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi

Aprel 27, 2025. 07:57 • 47 soniya

70
O'zbekiston kurashchilari Ashxobodda bo'lib o'tgan xalqaro turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi

ASHXOBOD, 27-aprel. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 22-25-aprel kunlari Ashxobod Olimpiya shaharchasida joylashgan Jang san'ati sport majmuasida turkman kurashi va belbog'li kurash bo'yicha xalqaro musobaqa bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

13 ta davlatdan polvonlar ishtirok etgan mazkur turnir an'anaviy yakkakurash turlari dunyosida muhim voqea bo'ldi.

Mazkur turnirda O'zbekiston terma jamoasi mamlakatimizning yetakchi kurashchilari bilan ishtirok etdi. O'zbekiston musobaqada umumjamoa hisobida ikkinchi o'rinni egalladi.

Xususan, ayollar o'rtasidagi bahslarda Farangiz Abdunabiyeva, Manzura Muydinova va Dilafzur Mamajonova o'z vazn toifalarida oltin medalni qo'lga kiritdi. Erkaklar o'rtasidagi bahslarda esa Oybek Sultonov oltin medalga sazovor bo'ldi. Shuningdek, kurashchilarimiz 8 ta bronza medalini qo'lga kiritdi.

Ushbu musobaqa mintaqa xalqlari o'rtasida do'stlik rishtalarini mustahkamlash, sportchilar va murabbiylar o'rtasida tajriba almashish uchun muhim maydon vazifasini bajardi. O'zbek sportchilarining mazkur tadbirdagi ishtiroki esa O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo'shilgan munosib hissa bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish