O'zbekiston sportchilarini "Los-Anjeles-2028" yozgi Olimpiya va Paralimpiya o'yinlariga tayyorlashning asosiy maqsadlari belgilandi
Iyul 10, 2025. 11:48 • 2 daq
• 30
TOSHKENT, 10-iyul. / "Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidentining "2028-yil Los-Anjeles shahrida (AQSh) bo'lib o'tadigan XXXIV yozgi Olimpiya va XVIII Paralimpiya o'yinlariga O'zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to'g'risida"gi qarori qabul qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Quyidagilar O'zbekiston sportchilarini Olimpiya va Paralimpiya o'yinlariga tayyorlashning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
- sportning ustuvor toifadagi boks, dzyudo, taekvondo, erkin kurash, og'ir atletika turlari bo'yicha medallar sonini oshirish;
- sportning rivojlanayotgan toifadagi triatlon, voleybol, stol tennisi, basketbol, zamonaviy besh kurash kabi 21 ta turi bo'yicha litsenziyalarni qo'lga kiritish;
- xalqaro sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Shuningdek, Olimpiya va Paralimpiya o'yinlarida erishgan natijalardan kelib chiqib, sport turlari ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalarga ajratiladi.
Ustuvor, istiqbolli va rivojlanayotgan toifalardagi sport turlari ro'yxati har 4 yilda Olimpiya va Paralimpiya o'yinlari o'tkazilgan kalendar yilning yakuniga qadar qayta ko'rib chiqiladi va tasdiqlanadi.
Qarorga ko'ra, 2025-yildan o'smirlar va yoshlar o'rtasidagi O'zbekiston chempionatlarini uch bosqichli "Yangi O'zbekiston Olimpiya cho'qqilari" sport musobaqalari shaklida o'tkazib borish tizimi yo'lga qo'yiladi.
Ushbu sport musobaqalarda yoshlarni sport bilan doimiy shug'ullantirish xizmatini ko'rsatadigan jismoniy va yuridik shaxslarning sport tayyorgarligiga ega bo'lgan sportchilari ishtirok etishadi.
Musobaqalarning respublika final bosqichi har yili Olimpiya shaharchasida "Prezident Olimpiadasi" sifatida o'tkaziladi.
Musobaqalarning respublika bosqichida saralangan sportchilar quyidagi sport-ta'lim tashkilotlariga milliy terma jamoalarga zaxira sifatida tayyorlash uchun yo'naltirib boriladi:
1- va 2-o'rinlarni qo'lga kiritgan sportchilar – Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markaziga;
3-o'rinni qo'lga kiritgan sportchilar – hududiy olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlariga.
Hujjatga muvofiq, 2025/2026-o'quv yilidan Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida o'qish jarayoni 2 ta bosqichda amalga oshiriladi.
1-bosqichda 8-11 sinflar uchun Olimpiya va Paralimpiya maktabi, 2-bosqichda 1–2-kurslar uchun Olimpiya va Paralimpiya kolleji faoliyat ko'rsatadi.
2026-yildan:
- Markaz o'quvchi-sportchilari kontingenti 800 nafarga yetkaziladi;
- Markazning Olimpiya va Paralimpiya kolleji o'quvchi-sportchilariga Sport vazirligining stipendiyasi uchun nazarda tutilgan mablag'lar doirasida oylik stipendiya ta'sis etiladi.
Davlatimiz rahbarining qarorida, shuningdek, Olimpiya o'yinlari va ushbu musobaqa dasturiga kiritilgan sport turlari bo'yicha jahon chempionatlari g'olib va sovrindorlari oliy harbiy (ixtisoslashtirilgan) ta'lim muassasalariga to'g'ridan-to'g'ri qabul qilinishini ta'kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Rossiya OAV: O‘zbekistonlik shaxmatchi jahon kubogining eng yosh g‘olibiga aylandi
O'zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoasi xalqaro turnirda munosib ishtirok etdi