Logo

Toshkentda bo'lib o'tgan "Alpomish va Barchinoy" xalqaro turnirida hindistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi

May 20, 2025. 10:45 • 54 soniya

52
Toshkentda bo'lib o'tgan "Alpomish va Barchinoy" xalqaro turnirida hindistonlik sportchilar muvaffaqiyatli ishtirok etdi

DEHLI, 20-may. /"Dunyo" AA/. Toshkentdagi Respublika Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida yakunlangan kamondan otish bo'yicha III "Alpomish va Barchinoy" xalqaro musobaqasida Hindiston terma jamoasi a'zolari muvaffaqiyatli ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Hindistonlik sportchilar 10 ga yaqin davlatdan qatnashgan 100 nafardan ortiq merganga munosib raqobat ko'rsatib, bitta oltin va ikkita kumush medalni qo'lga kiritdi.

So'nggi yillarda O'zbekiston va Hindiston sport federatsiyalari o'rtasidagi aloqalar faol rivoj topmoqda. Jumladan, O'zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ko'magida mamlakatimiz Kamondan otish federatsiyasi va Hindiston Kamondan otish assotsiatsiyasi o'rtasidagi hamkorlikni yangi pog'onaga ko'tarish bo'yicha tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yaqinda tashkil etilgan ikki tomonlama onlayn tadbirda kamondan otish bo'yicha sportchilarning mahoratini oshirish borasidagi loyihalar muhokama qilindi. Ushbu jarayonda paralimpiya vakillariga alohida e'tibor berish va ularni qo'llab quvvatlash istiqbollari urg'ulandi. 

Tomonlar o'zaro delegatsiyalar almashish, xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik ko'rishga tajribali mutaxassislarni jalb qilish, birgalikda o'quv yig'inlari o'tkazish, ikki mamlakatda tashkil etilayotgan turnirlarda faol qatnashish va boshqa yo'nalishlardagi sheriklik masalalari yuzasidan kelishuvga erishdi. 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish