Samarqandda shaxmatning rapid va blis yo'nalishlari bo'yicha jahon chempionati davom etmoqda
Dekabr 27, 2023. 17:50 • 2 daq
• 220
TOSHKENT, 27-dekabr. /"Dunyo" AA/. Kecha Samarqandda umumiy mukofot jamg'armasi 1 million AQSH dollarini tashkil qiluvchi tezkor shaxmat bo'yicha jahon chempionatining 5 ta tur uchrashuvlari o'tkazildi, deb xabar bermoqda Dunyo AA muxbiri Xalqaro shaxmat federatsiyasi FIDE manbasiga tayanib.

Amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen kechagi kun natijalariga ko'ra 5 imkoniyatdan 4,5 ochko jamg'arib, turnir jadvalida qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra peshqadamlik qilmoqda.
Shuningdek, hindistonlikar Arjun Ergaisi, Vidit Santosh, xitoylik Yu Yang Yi va bolgariyalik Ivan Cheparinov hisobida ham 4,5 tadan ochko bor. Bugun shaxmatning ushbu yo'nalishida 4 ta uchrashuv bo'lib o'tmoqda. 6-turda Magnus Karlsen birinchi doskada qora donalarda Viditga qarshi bahs olib boradi. Ikkinchi doskada Arjun va Yu Yang Yi to'qnash kelgan.
Hamyurtlarimiz orasidan hozircha eng yaxshi natijaga Nodirbek Yoqubboyev ega bo'lib turibdi. U 3,5 ochko bilan qo'shimcha koeffitsiyentlarga ko'ra 31-pog'onadan joy olgan. Bugun Yoqubboyev 6-turni oq donalarda hindistonlik Nihal Saringa qarshi o'tkazadi. Besh imkoniyatdan 3 ochko to'plagan Nodirbek Abdusattorov 6-turda qora donalarda belgiyalik Daniel Darda bilan hisob-kitob qiladi.
Bugun, shuningdek, ayollar o'rtasida rapid yo'nalishida 4 ta turda munosabatlari bo'lib o'tadi. O'zbekiston qizlari orasida eng yaxshi natija qayd etib turgan Umida Omonova (2331) 5-turda qora donalarda FIDE bayrog'i ostida o'ynayotgan rossiyalik Anastasiya Bondaruk (2265) bilan to'qnash keladi. Turnirda har ikki shaxmatchi 4 imkoniyatdan 3,5 tadan ochko jamg'argan. Anastasiya qo'shimcha ko'rsatkichlarga ko'ra uchinchi, Umida esa beshinchi o'rinni egallab turibdi.
Xalqaro shaxmat federatsiyasi FIDE rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, rapid bo'yicha jahon chempionatining ikkinchi kuni ishtirokchilar uchun hal qiluvchi sinovni va'da qilmoqda: har bir seksiyada to'rtta tur o'tkaziladi. Har bir yurish taqdirni belgilaydigan turnirda kutilmagan hodisalar bo'lishi mumkin va shiddatli raqobat sharoitida chempionlar yuqoriga ko'tarilishi mumkin yoki aksincha.
Eslatib o'tamiz, kuni kecha «Silk Road Samarkand» sayyohlik markazida shaxmatning rapid va blis yo'nalishi bo'yicha jahon chempionatining tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbir shaxmat tarixi, jahon rapid va blis musobaqalarining ahamiyati, O'zbekistonning shaxmat olamidagi nufuzi ortib borayotgani va Samarqandning boy merosiga bag'ishlandi. Chempionat 30 dekabrgacha davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Turkiyadagi jahon chempionatida yosh shaxmatchilarimiz yetakchilik qilmoqda
Rossiya OAV: O‘zbekistonlik shaxmatchi jahon kubogining eng yosh g‘olibiga aylandi
O'zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoasi xalqaro turnirda munosib ishtirok etdi