O'zbekiston Yevropaning muhim xomashyo alyansiga qo'shildi
Avgust 12, 2025. 18:50 • 2 daq
• 104
TOSHKENT, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston texnologik metallar kombinati Yevropa muhim xomashyo alyansiga rasman a'zo bo'ldi, deb xabar qilmoqda Dunyo AA muxbiri.

TMK matbuot xizmati yozganidek, unyo kritik minerallar bo'yicha yangi davrga kirib keldi, shubhasiz, O'zbekiston ham bu jarayonlar markazida bo'lishga intilmoqda.
O'tgan yili mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bilan muhim xomashyo sohasida hamkorlik bo'yicha kelishuv imzolagan edi. Endi esa yana bir katta qadam tashlandi — O'zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) Yevropa muhim xomashyo alyansi (ERMA)ga rasman a'zo bo'ldi. Bu bizning global bozordagi o'rnimizni yanada mustahkamlaydi.
ERMA nima?
Yevropa muhim xomashyo alyansi Yevropa sanoatining resurs siyosatini belgilovchi eng muhim platformalardan biri. U Yevropa sanoati uchun litiy, volfram, molibden va nodir yer elementlarini xavfsiz va barqaror manbalardan yetkazib berishni ta'minlaydi. Mazkur alyansi Yevropaning yashil texnologiyalar va kelajak energetikasiga o'tish jarayonida hal qiluvchi kuchga ega.
Mamlakatimiz uchun ushbu alyansning ahamiyati qanday?
Birinchidan, Yevropa Ittifoqi bilan institutsional muloqotni yanada mustahkamlash – ayniqsa, xomashyoni chuqur qayta ishlash, sifat standartlarini joriy etish va eksport imkoniyatlarini kengaytiradi.
Ikkinchidan, investitsion jozibadorlikni oshirish – xalqaro sertifikatlashtirish jarayonlarini yo'lga qo'yish va Yevropa miqyosidagi yirik loyihalarga faol jalb etishga ko'maklashadi.
Uchinchidan, O'zbekistonning xomashyo diplomatiyasini rivojlantirish – mamlakatni ishonchli va strategik hamkor sifatida xalqaro miqyosda tan olinishiga hissa qo'shadi.
To'rtinchidan, Yevropaning texnologik va ilmiy klasterlari bilan hamkorlikni kengaytirish – xususan Germaniya, Fransiya, Finlyandiya va Avstriyada joylashgan ilg'or markazlar bilan qo'shma tashabbuslarni amalga oshirishga hissa qo'shadi.
Shuningdek, ushbu a'zolik TMKni kritik minerallar bozorida butunlay yangi darajaga olib chiqishi kutilmoqda.
Xususan, Yevropa grantlari va investitsiyalari orqali bu yo'nalishdagi loyihalar uchun moliyaviy mexanizmlar kengayadi. Yevropaning ilg'or markazlari bilan qo'shma tadqiqotlar olib boriladi va innovatsiyalar tatbiq etiladi. TMK mahsulotlari xalqaro bozorga yanada yuqori sifat ko'rsatkichlari bilan chiqadi.
ERMA direktori Massimo Gasparon ham hamkorlikdan umidi katta ekanligini ta'kidladi. "Biz ERMA maqsadlarini amalga oshirish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo'lida TMK bilan birgalikda ishlashni intiqlik bilan kutmoqdamiz", – dedi u.
Bir so'z bilan aytganda, ushbu a'zolik O'zbekistonni oddiy xomashyo yetkazib beruvchidan innovatsion hamkor darajasiga ko'taradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Toshkentda "TransLogistica Uzbekistan – 2025" 21-xalqaro ko'rgazmasi ish boshladi