Logo

"BMB ZA'FARON": Jizzax viloyatida za'faron plantatsiyalari kengaymoqda

Oktabr 16, 2025. 13:21 • 2 daq

115
"BMB ZA'FARON": Jizzax viloyatida za'faron plantatsiyalari kengaymoqda

BAXMAL, 16-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Jizzax viloyatining Baxmal tumanida za'faron plantatsiyalarini kengaytirish jarayoni bilan tanishish tadbiri bo'lib o'tmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, joriy mavsum yakuniga kadar za'faron yetishtiriladigan maydon 700 gektardan 820 gektargacha oshiriladi.

O'zbekistonda qishloq xo'jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida eksportbop, yuqori qo'shilgan qiymatli mahsulotlar yetishtirish va qayta ishlash sohasi izchil rivojlanmoqda. Bu jarayonda "BMB HOLDING" tomonidan Italiyaning "FIN.OPERA SRL" kompaniyasi hamkorligi va "O'zsanoatqurilishbank" moliyaviy ko'magi bilan amalga oshirilayotgan za'faron yetishtirish va qayta ishlash loyihasi alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Loyiha doirasida 400 gektar maydondagi ishlar "BMB-OPERA ZAFFERANO" O'zbekiston-Italiya qo'shma korxonasi tomonidan, qolgan 420 gektari esa "BMB SHIFO" tarkibida amalga oshirilmoqda.

Ushbu vaziflar davlatimiz rahbari 2024 yil aprel oyidagi Jizzax viloyatiga tashrifi chog'ida belgilab berilgan za'faron plantatsiyalarini 2000 gektargacha kengaytirish vazifasi izchil amalga oshirilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 120 million yevroga teng Shundan 70 million yevro xorijiy investitsiyalar, 37 million yevro "BMB HOLDING" mablag'lari va 13 million yevro — "O'zsanoatqurilishbank" krediti hisoblanadi.

Hozirgacha 84,6 million yevro miqdorida investitsiya o'zlashtirilib, 2 gektar maydonda zamonaviy ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirilgan. Ushbu korxona quritish, qayta ishlash, qadoqlash va efir moylari ishlab chiqarish bo'yicha Yevropa standartlariga javob beradi.

Suv resurslaridan tejamkor foydalanish maqsadida polshalik mutaxassislar bilan hamkorlikda AgroNanoGel Basic gidrogel texnologiyasi joriy etilgan bo'lib, suv sarfini 40–45 foizga kamaytirish imkonini bermoqda. Shuningdek, plantatsiyada quyosh panellari orqali "yashil energiya" tizimi yo'lga qo'yilgan.

Bugungi kunda "BMB ZA'FARON" brendi ostidagi mahsulotlar Italiya, Avstriya, Niderlandiya, Fransiya, AQSh, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda. Eksport hajmi 2021-yilda 1,2 mln yevroga teng bo'lgan bo'lsa, 2025-yil yakuniga qadar 12 million yevroga yetkazilishi kutilmoqda.

Umuman, ushbu yirik loyiha nafaqat hudud agrar salohiyatini, balki ijtimoiy barqarorlik va aholi farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish