TMK — muhim foydali qazilmalar sohasida O'zbekistonni jahon maydoniga olib chiqadigan brend
Iyun 16, 2025. 12:32 • 3 daq
• 134
TOSHKENT, 16-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston texnologik metallar kombinati (TMK) yakunlangan IV Toshkent xalqaro investitsiya forumining asosiy ishtirokchilaridan biriga aylandi va forum mehmonlari hamda xorijiy investorlarga muhim mineral zaxiralar va sanoat salohiyatiga asoslangan mamlakat yondashuvini namoyish etdi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

Forum doirasida "O'zbekiston muhim xomashyo uchun strategik markaz sifatida: qo'shilgan qiymat zanjirida investitsiya imkoniyatlari" mavzusida panel sessiyasi bo'lib o'tdi. Unda ilg'or texnologiyalar va ushbu resurslarni diversifikatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Anjuman doirasida tashkil etilgan TMK stendiga Bolgariya Prezidenti Rumen Radev va Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso kabi qator oliy darajadagi mehmonlar tashrif buyurib, O'zbekiston texnologik metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshirilayotgan muhim foydali qazilmalar bo'yicha investitsiya loyihalari bilan tanishdilar.
Bugun O'zbekiston muhim foydali qazilmalar sohasida yangi global markaz sifatida namoyon bo'lib, butun dunyo e'tiborini o'ziga tortmoqda. Shu bois forum doirasida mazkur strategik yo'nalish ham asosiy mavzulardan biri sifatida ilgari surilib, xalqaro investorlar va ekspertlarning diqqat markazida bo'ldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2024-yilda tashkil etilgan O'zbekiston texnologik metallar kombinati bu boradagi ulkan salohiyatni ro'yobga chiqarishga xizmat qilmoqda. TMK butun qiymat yaratish siklini to'liq amalga oshiradi – xomashyo qazib olishdan tortib metall ishlab chiqarish va yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlarni chiqarishgacha.
Hozirgi kunda zavodda 25 dan ortiq turdagi muhim foydali qazilmalarni qamrab oluvchi 70 dan ortiq investitsiya loyihasi ustida ish olib borilyapti. Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 1,6 milliard AQSh dollariga teng.
TMK xorijiy investorlar uchun ochiqlik, uzoq muddatli ishonch va barqaror sheriklik tamoyillariga asoslangan hamkorlik modelini taklif etmoqda. Bugungi kunda zavod AQSh, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Daniya kabi mamlakatlarning yetakchi moliyaviy va texnologik institutlari bilan bevosita hamkorlikni yo'lga qo'ygan.
Forumda O'zbekistonning muhim foydali qazilmalari sohasini yuqori baholagan ko'plab investorlar ishtirok etdi va TMK bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish istagini bildirdi. Xususan, TMK vakillari 60 dan ortiq xalqaro kompaniyalar bilan uchrashuvlar o'tkazib, hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. TMK loyihalariga AQShning Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi, Yevropa investitsiya banki, Shveysariyaning "SGS", Yaponiyaning "MITSUI & CO., LTD", Turkiyaning "Eskixisar" kabi bir qator yirik kompaniyalar yuqori qiziqish bildirdi.
Bundan tashqari, forumda TMK va Amerikaning "Cove Capital" kompaniyasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat texnologik metallar sohasida yirik sarmoyalarni jalb qiladi, qo'shma loyihalar va global tashabbuslarni yo'lga qo'yadi, O'zbekiston esa dunyoning eng talabchan bozorlariga tayyor mahsulotlar yetkazib beruvchi markazga aylanadi. "Cove Capital" boshqaruvchi hamkori Pini Altxausaning aytishicha, O'zbekiston AQSH va Yevropa uchun muhim mineral xomashyodan qo'shimcha qiymatli mahsulotlar yetkazib beruvchisi bo'lishga tayyor. TMK va Shveysariyaning "SGS" kompaniyasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolangani Toshkent xalqaro investitsiya forumining yana bir muhim voqeasi bo'ldi.
Hamkorlikdan asosiy maqsad TMK tomonidan "SGS" bilan hamkorlikda tashkil etilgan Markaziy nano-analitik laboratoriyani tizimli ravishda tashkil etishdan iborat. "TMK – yetarlicha ambitsiyali va yirik kompaniya, umid qilamanki, yaqin kelajakda u jahon bozorida mashhur brendga aylanadi. "SGS" va TMK o'rtasida memorandumning imzolanishi ilmiy tadqiqotlar sohasida yangi bosqichga ko'tarilish imkonini beradi", – "SGS" kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo'yicha menejeri Valeriy Kim.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Toshkentda "TransLogistica Uzbekistan – 2025" 21-xalqaro ko'rgazmasi ish boshladi