Logo

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida "BMB VILLAGE" majmuasi ochildi

May 22, 2025. 14:19 • 2 daq

90
Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida "BMB VILLAGE" majmuasi ochildi

JIZZAX, 22-may. /"Dunyo" AA/. Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida BMB HOLDING tarkibidagi "BMB VILLAGE" majmuasining ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

BMB HOLDING axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi "O'zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmonida belgilanganidek, magistral yo'llarda turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida turistik infratuzilma obyektlarini bunyod etish muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta'kidlangan. 

Mazkur farmonda ilgari surilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, BMB HOLDING Jizzax viloyatida turizm va servis sohasini rivojlantirishga qaratilgan navbatdagi yirik loyiha – BMB VILLAGE majmuasini ishga tushirdi. Zamonaviy uslubda barpo etilgan mazkur majmua xolding tomonidan bu yil foydalanishga topshirilgan uchinchi obyekt bo'lib, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanidan o'tuvchi M-39 magistral yo'li yoqasida joylashgan. Ko'p tarmoqli BMB VILLAGE majmuasi 45 kishilik eng zamonaviy dizaynda qurilgan mehmonxona, restoran, avtoturargoh, avtomobillarni yuvish shahobchasi hamda kiyim yuvish xizmatidan iborat.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 15 milliard so'm bo'lib, bu orqali Jizzax viloyatida ichki va tashqi turizmni qo'llab-quvvatlash, yangi ish o'rinlari yaratish va hudud infratuzilmasini yana-da rivojlantirish nazarda tutilgan. Qolaversa, BMB HOLDING tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha nafaqat iqtisodiy ahamiyatga ega, balki madaniy-ma'rifiy jihatdan ham aholining ehtiyojlariga javob beradi.

Eslatib o'tamiz, bu kabi BMB VILLAGE majmuasining dastlabkisi Holding tomonidan 2024-yilning noyabr oyida Toshkent viloyatining Chinoz tumanida foydalanishga topshirilgan edi. Shuni alohida ta'kidlash joizki, Holding kelgusida BMB VILLAGE majmuasini respublikamizning boshqa viloyatlarida ham ishga tushirishni o'z oldiga maqsad qilgan.

Bir so'z bilan aytganda, BMB HOLDING qaysi yo'nalishda faoliyat olib bormasin, davlatimiz rahbari rahnamoligida barpo etilayotgan Yangi O'zbekistonni yana-da gullab-yashnashi, xalqimiz farovonligini oshirish va Vatanimiz taraqqiyoti yo'lida o'zining barcha imkoniyatlari hamda salohiyatini ishga solishda davom etadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish